DXX tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Xorazm yoʻl qurilish” MCHJda boʻlim boshligʻi lavozimida ishlovchi shaxs Xiva tumanidagi oilaviy korxonaga tegishli 8500 kvadrat metr yer maydoniga hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan, asfalt yotqizib berish evaziga korxona rahbaridan 1 mlrd 306 mln soʻm talab qilib, shundan 48 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Davlat kadastrlari palatasining Xiva tuman filiali xodimi oʻzining qaynotasi nomida boʻlgan 4000 kvadrat metr yer maydoni 2021-yilda xaridorga notarial tartibda sotilganini bila turib, goʻyoki ushbu yer maydonida uning ham ulushi boʻlganini roʻkach qilish orqali, yerni sotib olgan fuqarodan oʻz ulushi sifatida 60 ming AQSH dollari berishi kerakligini talab qiladi. Oʻtkazilgan tezkor tadbirda u soʻralgan pulni tanishi orqali olgan vaqtida ushlandi.