Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 20 Iyun 2022 6189

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ–127-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholi oʻrtasida dzyudoning olimpiya sport turi sifatida ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:

    1. Quyidagilar dzyudo sport turini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

    dzyudoni aholi oʻrtasida ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;

    maktabgacha yoshdagi bolalarda dzyudoga qiziqish uygʻotish va jang sanʼatining ushbu turi boʻyicha boshlangʻich koʻnikmalarni shakllantirish;

    dzyudo boʻyicha professional trenerlar, malakali hakamlar
    va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;

    dzyudo infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo zallari sonini koʻpaytirish;

    Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari dasturiga dzyudoni bosqichma-bosqich kiritish, ular tizimidagi taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalari uchun ushbu sport turi boʻyicha fakultativ mashgʻulotlar va toʻgaraklar tashkil qilish;

    ayollar oʻrtasida dzyudoni rivojlantirish, bu borada uzoq yillarga moʻljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

    ommaviy axborot vositalarida sogʻlom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida dzyudoni targʻib qilish hamda bu jarayonda axborotlashtirish va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni taʼminlash.

    2. Quyidagilar:

    2022-2023-yillarda dzyudo sport turini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

    2022-2025-yillarda dzyudo sport turini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab anʼanaviy tarzda dzyudo sport turi boʻyicha Oʻzbekistonda quyidagi musobaqalar oʻtkaziladi:

    kattalar oʻrtasida “Katta dubulgʻaxalqaro turniri;

    Osiyo chempionati gʻolibi va Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi Uchqun Murodov xotirasiga bagʻishlangan 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida xalqaro turnir;

    umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida
    Xalq taʼlimi vaziri kubogi”;

    oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalari oʻrtasida “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri kubogi”;

    Qurolli Kuchlar tizimida “Mudofaa vaziri kubogi”;

    2024-2025-yillarda harbiylar oʻrtasida Jahon chempionati.

    Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) Mudofaa vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda:

    bir oy muddatda ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

    xalqaro turnirlarda mahalliy dzyudochilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan kuchli xalqaro dzyudochilar, trenerlar
    va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;

    yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

    Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

    4. Xalqaro dzyudo federatsiyasining rejasiga muvofiq, 2022-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasida Jahon chempionati oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    Belgilansinki:

    jahon chempionatini oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar homiylar mablagʻlari (titul homiylik, reklama, axborot hamkorligi hamda televizion translyatsiya media huquqlaridan tushadigan), shuningdek, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda, olinadigan foyda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tasarrufida qoldiriladi hamda dzyudoni yanada rivojlantirishga, jumladan, dzyudo maktablarini qurish va jihozlash hamda federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;

    jahon chempionatini oʻtkazish uchun aʼzolik badali va mukofot puli bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

    Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda jahon chempionatining yuqori darajada oʻtkazilishini taʼminlasin va u bilan bogʻliq boʻlgan barcha tashkiliy masalalarni
    hal etish choralarini koʻrsin.

    5. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Surxondaryo viloyati Denov tumani hamda Xorazm viloyati Urganch shahar olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari negizida Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiruvchi Denov hamda Urganch dzyudo sport mahorati maktablari (keyingi oʻrinlarda – dzyudo maktablari) davlat sport-taʼlimi muassasasi sifatida tashkil etilsin.

    Belgilansinki:

    dzyudo maktablari faoliyati dzyudo boʻyicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yoʻnaltiriladi;

    dzyudo maktablariga oʻqishga 5-sinfdan qabul qilinadi hamda taʼlim olish muddati yetti yil etib belgilanadi;

    dzyudo maktablarining oʻquv jarayoni Sportni rivojlantirish vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi hamda tasdiqlangan oʻquv rejaga asosan amalga oshiriladi;

    dzyudo maktablari direktori, uning oʻrinbosarlari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq toʻlash hamda maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va tarbiyachilar mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

    dzyudo maktablari direktori, uning oʻquv va sport ishlari boʻyicha oʻrinbosari, trener-oʻqituvchilar, yoʻriqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

    dzyudo maktablari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

    Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda dzyudo maktablari faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

    6. 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

    umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo sport turini rivojlantirish boʻyicha “Bolalar uchun dzyudodasturi;

    maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Maktabgacha dzyudoloyihasi joriy qilinsin.

    Belgilansinki:

    a) “Bolalar uchun dzyudodasturi doirasida:

    Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda oʻquvchilarida dzyudo bilan shugʻullanish istagi yuqori boʻlgan hamda sport zallari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablari belgilab olinadi;

    tanlab olingan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo boʻyicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalari maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trener-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshiriladi;

    umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dzyudo zallarini tashkil etish, mavjud dzyudo infratuzilmasini kengaytirish va jihozlash boʻyicha investitsiya va grantlar jalb qilinadi;

    Xalqaro dzyudo federatsiyasining “Maktablarda dzyudo” dasturi bilan uzviy bogʻliqlik taʼminlanadi, mazkur dasturdagi yoʻnalishlar, funksiyalar va boshqa muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

    dzyudoni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish va ommalashtirish, ularda ushbu sport turiga qiziqishni oshirish, yoshlar oʻrtasida dzyudo boʻyicha musobaqalarni oʻtkazishga koʻmaklashish, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

    b) “Maktabgacha dzyudoloyihasi doirasida:

    maktabgacha taʼlim tashkilotlarida dzyudoni ommalashtirish va keng targʻib qilish orqali tarbiyalanuvchilarni mazkur sport turi bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish;

    tarbiyalanuvchilarda dzyudo bilan shugʻullanishga kuchli va taʼsirchan motivatsiyani shakllantirish.

    7. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi (A.Kamilov) bilan birgalikda 2023-yildan boshlab dzyudo sport turini oʻquvchilar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha tanlangan maktablarni oʻquv qoʻllanma, tatami, aksessuar va boshqa zarur anjomlar bilan taʼminlash uchun Xalq taʼlimi sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili 5 milliard soʻmgacha mablagʻlarni yoʻnaltirsin.

    8. Belgilab qoʻyilsinki:

    “Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida faoliyat yuritadigan trener-oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining
    2010-yil 23-sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 211-son qaroriga muvofiq sport maktablari trener-oʻqituvchilari uchun belgilangan meʼyorlar asosida amalga oshiriladi;

    “Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallari Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari balansida saqlanadi va ular faoliyatini toʻliq va samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan malakali trenerlar bilan taʼminlanadi;

    “Bolalar uchun dzyudo” dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan dzyudo zallarida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi huzuridagi Dzyudo sport klubining filiallari tashkil etiladi, filiallar faoliyatiga Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi metodik rahbarlik qiladi, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilarni dzyudoga oʻrgatish orqali qamrovni yildan yilga oshirib boradi, ular oʻrtasida turnirlar, musobaqalar tashkil etadi.

    9. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining:

    Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab “Dzyudo va sport faoliyati bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochish;

    Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida “Dzyudo va sport faoliyati” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 2022/2023 oʻquv yili uchun qabul parametrlari doirasida qabul kvotalarini belgilash haqidagi takliflari maʼqullansin.

    10. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Oʻzbekiston dzyudo akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

    11. Quyidagilar Oʻzbekiston dzyudo akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

    dzyudo, shu jumladan, paradzyudo boʻyicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;

    dzyudo, shu jumladan, paradzyudo boʻyicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar
    va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga koʻmaklashish;

    dzyudo, shu jumladan, paradzyudo boʻyicha oʻquv dasturlar
    va metodologiyani yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

    mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, master-klasslar, oʻquv mashgʻulotlar tashkil etish.

    12. Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

    Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mablagʻlari;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

    13. Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev):

    Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutiga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkasining (Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy koʻchasi, 7b-uy) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining asosiy bazasiga tutash boʻlgan va boʻsh turgan qismini belgilangan tartibda zaxiraga qaytarish;

    zaxiraga qaytarilgan yer uchastkasini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish va Sportni rivojlantirish vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini koʻrsin.

    Sportni rivojlantirish vazirligi (M.Ismailov) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi (A.Kamilov) bilan birgalikda ajratilgan yer uchastkasida Oʻzbekiston dzyudo akademiyasi bino va inshootlarini qurishni nazarda tutuvchi ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolanishini hamda Yaponiyaning “Kodokan” koʻp funksiyali, zamonaviy va universal dzyudo markazi namunasi boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan Xalqaro dzyudo federatsiyasi talablariga javob beradigan, sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan bino va inshootlar (sport zali, oʻquv binosi, oshxona va yordamchi binolar) qurilib, foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.

    14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev) Sportni rivojlantirish vazirligi (M.Ismailov), Toshkent viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Oqtosh qishlogʻi hududida dzyudo boʻyicha milliy terma jamoalar uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi standartlariga javob beradigan 50 oʻrinli yotoqxona va oshxona, trenajyor zali, tibbiy punkt va zamonaviy sport anjomlari bilan toʻliq jihozlangan oʻquv-mashgʻulot bazasini barpo etish yuzasidan taklif kiritilishini taʼminlasin.

    15. Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) “Chorvoq” turistik rekreatsion zonasi” DUK bilan kelishgan holda Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Oqtosh qishlogʻi hududidan Sportni rivojlantirish vazirligiga 0,5 ga yer uchastkasini 2022-yil yakuniga qadar doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin.

    Sportni rivojlantirish vazirligi (M.Ismailov) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi (A.Kamilov) bilan birgalikda ajratilgan yer uchastkasida dzyudo boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulot bazasini barpo etishni nazarda tutuvchi ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolanishini taʼminlasin.

    16. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Sportni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorda belgilangan
    chora-tadbirlarni amalga oshirish, dzyudo sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash, shuningdek, dzyudoni rivojlantirish maqsadlari uchun Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga joriy yilda sport sohasi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida 2 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.

    17. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi bilan birgalikda 2022-yil 20-dekabrga qadar sport maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarini xalqaro talablarga javob beradigan dzyudo sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan taʼminlasin va ushbu maqsadlarga Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2022-yil uchun respublika kalendar rejasida ajratilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismidan zarur mablagʻlar yoʻnaltirsin.

    18. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

    19. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik
    va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul
    va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Sh.Sh.Maxmudov hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi A.Ya.Kamilov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 20-iyun