Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabariga koʻra, bugun Xalqaro dzyudo federatsiyasi Tokio olimpiadasi reyting ochkolarining yakuniy natijalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga yoʻl oladigan sportchilar nomi rasman eʼlon qilindi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi(IJF)ning reyting oʻrinlari boʻyicha 7 nafar erkak va 2 nafar ayol dzyudochimizning Tokioga borishi kutilayotgandi. Shuningdek, qitʼaviy va olimpiya oʻyinlarining jamoaviy bahslariga beriladigan yoʻllanmani qoʻlga kiritish masalasida vakillarimizning imkoniyatlari bor edi.

Oʻtgan yillar davomida Tokio-2020 uchun oʻtkazilgan saralash musobaqalarida munosib ishtirok etgan Sharofiddin Lutfullayev, Diyorbek Oʻrazboyev, Sardor Nurillayev, Hikmatilloh Toʻrayev, Sharofiddin Boltaboyev, Davlat Babanov, Muhammadkarim Xurramov, Bekmurod Oltiboyev, Diyora Keldiyorova, Gulnoza Matniyozova Yaponiya “chiptasini” naqd qilishdi. Quvonchlisi, reyting yakunlariga koʻra, yosh dzyudochimiz Farangiz Hojiyevaga Olimpiya oʻyinlarining qitʼaviy yoʻllanmasi taqdim etildi. Bu esa oʻz-oʻzidan Tokio musobaqalarida Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi 7 nafar erkak va 3 nafar ayol sportchi bilan ishtirok etadi, deganidir.

Eng muhimi, Xalqaro dzyudo federatsiyasining kuchli davlatlar reytingiga asosan dzyudo vatanida oʻtadigan toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasidagi jamoaviy bahslarda Oʻzbekiston terma jamoasi ham medallar uchun kurash olib boradi.

Olimpiya oʻyinlarining dzyudo bahslarini oʻtkazish tartib-qoidasiga binoan Xalqaro dzyudo federatsiyasi 133 ta davlat orasidan 12 ta mamlakat terma jamoalariga ushbu imkoniyatni taqdim etdi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasining Tokio olimpiadalari uchun umumiy yoʻllanmalari soni 11 taga (10 ta yakkalik + 1 ta jamoaviy ) yetdi.

Yana bir gap. Shu paytgacha yurtimiz dzyudochilari Olimpiya oʻyinlarining jamoaviy bahslarida ishtirok etmagandi. Oʻzbekiston sportchilarining dunyoning 12 ta kuchli davlatlari qatorida eʼtirof etilganligi yurtimiz sport hayotida oʻziga xos voqelik boʻldi. Bundan tashqari, oʻzbekistonlik xalqaro toifadagi hakam Ramziddin Saidov Olimpiya oʻyinlarining dzyudo bellashuvlarini bevosita boshqarib boradi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.