Bugun Yaponiyaning Tokio shahrida davom etayotgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida dzyudo musobaqalari o‘z yakuniga yetadi. Bahslarning so‘nggi kunida jamoaviy bellashuvlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
Afsuski, ushbu yo‘nalishda terma jamoamiz o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlolmadi. Ilias Iliadis shogirdlari jamoaviy bellashuvlarning ilk bosqichida Gollandiya terma jamoasi bilan kuch sinashdi va qo‘shimcha bellashuvdagi mag‘lubiyat tufayli musobaqa bilan xayrlashdi.
O‘zbekiston va Gollandiya terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuvni og‘ir vaznli polvonlar boshlab berishdi. Unda Bekmurod Oltiboyev kechagi yakkalik bahslaridagi raqibi Xenk Grolni ippon bahosi evaziga taslim qildi va jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi.
Biroq, -57 kg vazn toifasida tatamiga tushgan Diyora Keldiyorova hamda Sanne Verxagen bahsida gollandiyalik dzyudochi ippon bahosi evaziga zafar quchdi va umumiy hisobni tenglashtirdi.
-73 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Hikmatulloh To‘rayev esa terma jamoamizni yana hisobda oldinga olib chiqdi. U Tornike Tsakadoyeani qo‘shimcha bo‘limda ippon bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi.
Ayollar o‘rtasida kechgan navbatdagi bellashuvda Gulnoza Matniyazova raqibasi Sanne van Diykeni qo‘shimcha daqiqalarda ippon bahosi evaziga yengdi va hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Shu bilan birga u yakkalik bahslaridagi mag‘lubiyat uchun revansh oldi.
So‘ngra Tokio-2020 olimpiadasining bronza medali sovrindori Davlat Bobonov Noyel van Tendga qarshi tatamiga chiqdi. Agar mana shu bahsda g‘alaba qozonsak, terma jamoamiz keyingi bosqichga yo‘l olardi. Biroq, olimpiada sovrindori kutilmaganda imkoniyatni boy berdi.
Ayollar o‘rtasidagi +70 kg vazn toifasida bellashgan hamyurtimiz Farangiz Hojiyeva hamda Gus Stinxaus bahsida ham omad niderlandiyalik dzyudochiga kulib boqdi. Shu tariqa umumiy hisob tenglashdi – 3:3.
Afsuski, hal qiluvchi bahsda biz ishongan Oltiboyev uchinchi to‘qnashuvda raqibiga yutqazdi. Yo‘q, u yiqilmadi, shunchaki bahsni sust olib borayotgani uchun jazolangan hamyurtimiz ogohlantirishlar hisobiga raqibiga imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi Tokio olimpiadasidagi ishtirokini birgina bronza medali bilan yakunladi.
Turizm va sport vazirligi
Matbuot xizmati