Dzyudochilarimiz Olimpiadaga yoʻl olishdi

    Sport 12 Iyul 2021 6057

    Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish maqsadida Yaponiyaga joʻnab ketdi.

    Dzyudochilarimiz Tokioga kirishdan avval Maydzuru shahrida Olimpiadaga tayyorgarlik bosqichidan oʻrin olgan soʻnggi oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazadi. Maydzuru – yapon dengizi sohilida joylashgan Kioto prefekturasidagi port shahar hisoblanadi.

    Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi Olimpiadaga munosib tayyorgarlik koʻrish maqsadida Maydzuruga ikkita tarkibni joʻnatdi. Ikkinchi tarkib mashgʻulotlarda Olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qiladigan dzyudochilarimizga sparring-raqib sifatida yordam beradi. Maydzurudagi oʻquv-mashgʻulot yigʻini 19-iyulga qadar davom etadi va shundan soʻng terma jamoamiz delegatsiyasi Tokiodagi Olimpiya shaharchasiga yoʻl oladi.

    Eslatib oʻtamiz, oʻzbek dzyudosi tarixida ilk bor 10 (7 erkak, 3 ayol) nafar sportchimiz toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasida medallar uchun tatamiga chiqadi. Shuningdek, tarixda birinchi marotaba jamoamiy bahslarda ham ishtirok etamiz.