O'zbekiston Milliy matbuot markazida O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” Davlat korxonasi faoliyatiga bag'ishlangan “Muvofiqlikni baholashdagi ijobiy o'zgarishlar: akkreditatsiya faoliyati misolida” mavzusida o'tgan matbuot anjumanida shu haqida so'z bordi. Unda “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK direktori Ansabxon Zakirov va strategik rivojlantirish, menejment tizimini qo'llab-quvvatlash bo'limi boshlig'i Mahmud Hayrullayevlar spiker sifatida ishtirok etib, sohada olib borilayotgan ishlar, 2021-yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va kelgusi rejalar haqida OAV xodimlariga ma'lumot berdi.
Ta'kidlash joizki, “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK tomonidan Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) xalqaro tashkilotlari a'zoligiga erishilgan. Hozirgi kunda Markaz ILAC muhbir a'zosi, IAFning to'laqonli a'zosi hisoblanadi. Ammo bu tashkilotlarga kirish va ularning uslubiy talablarini bajarishdan tashqari, ko'ptomonlama tan olish bitimlarini imzolash muhim. Ushbu tashkilotlar doirasida ikkita alohida xalqaro bitimlar mavjud, ularni imzolash orqali barcha milliy akkreditatsiya organlari, ya'ni, bitim ishtirokchilari bo'lgan davlatlar bir-birlarining akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash natijalarini tan oladilar.
Turkiya Respublikasi Halol Akkreditatsiya agentligi (HAK), Pol`sha akkreditatsiya markazi (PCA) bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan xalqaro shartnomalar imzolandi.
Akkreditatsiya xizmatlarini ko'rsatishda mijoz bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqa qilish holatlarini yanada qisqartirish, xizmatlarni Biznes jarayonlarini reinjiniringiga (BPR) o'tkazish yo'li bilan yanada optimallashtirish bo'yicha “E-accreditation” milliy axborot-dasturiy ta'minotini amaliyotga joriy etish ishlari yakunlanmoqda va sentyabr oyida ushbu tizim ishga tushiriladi. Natijada, akkreditatsiya jarayonlarini amalga oshirilishida ochiqlikni ta'minlash, akkreditatsiya bo'yicha buyurtmalarni “onlayn” qabul qilish, xizmatlar narxini xisoblashda xolislik va ochiqlikni ta'minlash imkoniyati yaratiladi.
Jumladan, tizimda Farmon va Qaror ijrosi yuzasidan islohotlar amalga oshirilishi natijasida “xabardor qilish” vazifasi bo'yicha 4 ta sinov laboratoriyalari va 2 ta sertifikatlash organi Markazni xabardor qilishi uchun imkoniyat yaratiladi. “Majburiy attestatsiyani bekor qilish bo'yicha” 596 nafar ekspert-auditorlar va 6152 nafar sertifikatlangan xodimlar uchun majburiy sertifikatlashtirish talabi bekor qilinadi. Muvofiqlikni baholashdagi tashqi ko'rikni o'tkazish uchun akkreditatsiya olish talabi bekor qilinishi natijasida esa 268 ta laboratoriyada o'rtacha 52 tadan ko'rsatkich qisqartiriladi. Bu esa akkreditatsiya olish uchun sarflanadigan mablag'ning iqtisod qilinib, 1,26 mlrd so'm laboratoriya ixtiyorida qolishiga zamin yaratadi. Monopoliyaga chek qo'yilishi natijasida esa turizm, urug'chilik, ekologiya va dori vositalari yo'nalishlarida o'zaro teng sharoitdagi raqobat platformasi yaratiladi.