Koʻhna qitʼada kecha Yevropa Chempionlar ligasi javob uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
Oʻz maydonida “Chelsi”ni 2:0 hisobida magʻlub etgan “Real” Londonda ham shu hisobda mezbonlarni dogʻda qolirdi.
“Milan” birinchi oʻyinda oʻz maydonida “Napoli”dan 1:0 hisobida ustun kelgan edi. Neapolda oʻtgan uchrashuvda durang qayd etildi – 1:1. Shunisi qiziqki, Italiyadagi bahsda ikki jamoa ham bittadan penaltidan foydalana olmadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, “Milan” 16 yildan soʻng YECHL yarim finaliga chiqdi. Oʻyindan soʻng jamoa bosh murabbiyi Stefano Pioli shunday dedi:
“Hamma bizni autsayder deb hisoblagandi, lekin biz munosib tarzda keyingi bosqichga chiqdik...
Yarim finaldaga raqibimiz ehtimol “Inter” boʻlar. Biz yarim finaldamiz va barcha raqiblar kuchli. Koʻp ish qildik va toʻxtashni istamaymiz”.
Bugun “Bavariya” – “Manchester Siti” (birinchi bahs – 0:3) va “Inter” – “Benfika” (birinchi oʻyin — 2:0) uchrashuvidan soʻng barcha yarim finalchilar nomi maʼlum boʻladi.