Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-maydagi PF-5446-sonli Farmoni bilan xalqaro hamkorlikni taʼminlash yuzasidan belgilangan vazifalarga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshligʻi Dilshod Raximov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi joriy yilning 10-15-iyul kunlari Latviyaning Riga shahrida boʻlib oʻtayotgan Egmont guruhi ishchi guruhlari yigʻilishlari va Egmont guruhining 28-yalpi majlisida ishtirok etmoqda.

Ushbu yalpi majlis doirasida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan bir qator xorijiy davlatlar delegatsiyasi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.

Jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligi Davlat xavfsizligi departamenti huzuridagi Moliyaviy tergov boshqarmasi boshligʻi Muxammad Almuxanna bilan tashkil etilgan uchrashuv davomida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish yoʻnalishida idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv yakunida Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ularga aloqador jinoyatlar yuzasidan maʼlumot almashish boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Egmont guruhi yalpi majlisi va boshqa ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan tajriba almashishga xizmat qilmoqda.