Ayni paytda Misr oliy taʼlim muassasalari arab dunyosida yetakchi oʻrinlarni egallab keladi. Shu maʼnoda, kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Misr Arab Respublikasiga xizmat safari doirasida oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Ayman Ashur bilan muzokaralar oʻtkazgani hamkorlikda malakali mutaxassislar tayyorlash borasida yangi imkoniyatlar ochadi.

Uchrashuv avvalida oʻtgan yilning oktyabrida ikki davlat oʻrtasida ilm-fan, tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida qilinayotgan ishlar xususida fikr almashildi. Shuningdek, hamkorlikda 2023-2024-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi loyihasini muhokama qilib, imzolashga kelishildi.

Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasida oliy taʼlim sohasida, xususan, arab tili va arab adabiyoti, islomshunoslik, manbashunoslik, Arab Sharqi mamlakatlari iqtisodiyoti, farmakologiya, qishloq xoʻjaligi, veterinariya va boshqa yoʻnalishlarda mustahkam aloqalar mavjud boʻlib kelgan. Shu bilan birga, yurtimizning qator oliy taʼlim muassasalarida arab tili boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Misr oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan oʻqitish, fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, xususan, arab tili boʻyicha fan dasturlari, oʻquv qoʻllanmalarini yaratish, zamonaviy texnologiyalar asosida arab tilini oʻrgatish muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, oldimizda pedagoglar uchun oʻquv seminarlari, malaka oshirish kurslari tashkil etish, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan loyihalarni bajarish, arab tili, tarjimonlik, tarixiy va adabiy manbashunoslik, turizm, xalqaro jurnalistika kabi sohalarda kadrlar tayyorlash vazifasi turibdi.

Ayni paytda mazkur mutaxassisliklar boʻyicha bilim va malakaga ega sharqshunos-arabshunoslarni tayyorlashga oid Misr universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qilish dolzarb boʻlib qolmoqda. Zero, dunyo boʻyicha eʼtirof etilgan QS World University Rankings, Times Higher Education kabi nufuzli xalqaro reytinglarda Ayn Shams universiteti, Qohira universiteti va Iskandariya universiteti Misr oliy taʼlim muassasalari ichida eng yuqori koʻrsatkichlarga ega.

Shu bois, mazkur universitetlar faoliyatini oʻrganish va tajriba almashish eʼtiborga loyiq. Hozir ular Misr va umuman, arab davlatlari oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida 1-3-oʻrinlarni egallab kelmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 16-apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida shu yilning fevral oyi avvalida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi Misr Arab Respublikasida boʻlib qaytdi.

Universitet vakillari oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan akademik va innovatsion hamkorlik oʻrnatish hamda aloqalarni rivojlantirish uchun Qohira, Iskandariya shaharlaridagi qator nufuzli universitetlar, ilmiy-tadqiqot muassasalarida muloqot oʻtkazdi. Safar davomida Ayn Shams universiteti, Qohira universiteti, Iskandariya universiteti, Helvon universiteti, “Al-Hivor” siyosiy va media tadqiqotlari markazi vakillari bilan uchrashuvlarda Oʻzbekiston hayotining barcha jabhasidagi keng koʻlamli islohotlar, xususan, kadrlar tayyorlashning yangi tizimi haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Jumladan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining 2018-yil sentyabrda mamlakatimizga rasmiy tashrifi davomida davlatimiz rahbari bilan oʻtkazgan muzokaralari natijasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochgani taʼkidlandi.

Ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilishi istiqbolda arab tili va adabiyoti, sinxron tarjimonlik, tarixiy va adabiy manbashunoslik sohasida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Zero, hozir Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 800 dan ziyod talaba arab tilini oʻrganmoqda. Bu til oliy taʼlim muassasasidagi filologiya, tarix, xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, turizm, falsafa kabi bilim sohalariga oid barcha taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida oʻqitiladi. Universitetda 30 dan ziyod oʻqituvchi arab tilidan dars bermoqda.

Pedagoglarning 10 dan ortigʻi ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega. Ayn Shams universitetida tashkil etilgan uchrashuvda asosiy eʼtibor ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va oʻzaro istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashga qaratildi. Muloqotda arab tili va adabiyoti, tarjimonlarni tayyorlash, adabiyot namunalarini ikki tilga tarjima qilish, qoʻlyozmalarni oʻrganish, jurnalistika, turizm yoʻnalishlari boʻyicha talabalar va oʻqituvchilar bilimi, malakasini oshirish, ilmiy jurnallarda hammualliflikda maqolalar chop etish, tarixiy manbashunoslik va filologiya boʻyicha qoʻshma ilmiy loyihalarni yaratish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti ekanligi, koʻhna tarixi va boy madaniy merosi bilan alohida eʼtirofga munosibligi taʼkidlandi. “Boburnoma” asarining arab tiliga tarjima qilingan nusxasi Toshkent davlat sharq shunoslik universiteti kutubxonasi uchun taqdim etildi. Shuningdek, ikkala OTM mutaxassislari hamkorligida oʻzbek adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilish ishlarini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Qohira universiteti mutasaddilari bilan uchrashuv ham ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida muhim yangiliklarga boy boʻldi. Muloqotda asosiy eʼtibor Qohira universitetida oʻzbek tilini hamda TDSHUda arab tilini oʻqitish uchun zarur yangi adabiyotlar bilan taʼminlash, arab tili oʻqituvchilari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etish, talabalarga bakalavriat, magistratura va doktoranturada tahsil olish uchun grantlar ajratish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashuvi dasturlarini ishlab chiqishga qaratildi.

Shuningdek, birgalikda oʻquv adabiyotlari hamda lugʻatlarni yaratish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish, jumladan, TDSHU huzuridagi Mahmud Zamaxshariy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi orqali filologiya, tarix, xalqaro munosabatlar, sharq falsafasi sohalarida turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhokama qilindi.

Iskandariya universitetida oʻtkazilgan uchrashuvda Misrda oʻzbekistonlik talabalarning hamda yurtimiz oliy taʼlim muassasalarida misrlik yoshlar tahsil olishi uchun imkoniyatlar, jumladan, xalqaro reytinglarga kirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, maʼruza oʻqish, ilmiy stajirovka va ilmiy izlanishlar olib borish, oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish borasida atroflicha fikr almashildi.

TDSHUda arab tilini oʻqitish boʻyicha dasturlar yaratish, jumladan, tarixiy manbashunoslik, qoʻl yozmalarni hamkorlikda oʻrganish, turizm va gid-sayyohlik, tashqi iqtisodiy faoliyat yoʻnalishlarida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha takliflar ilgari surildi. Ilmiy loyihalarni amalga oshirish, fan-taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yoʻlga qoʻyish, ilmiy tadqiqot natijalarini tijoriylashtirishda Misr boʻyicha yetakchilik qiluvchi Helvon universitetida oʻtkazilgan uchrashuv ham samarali boʻldi.

OTM rahbariyati TDSHU bilan arab tili boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan barcha tayyorgarlik yakunlangani va ushbu dasturni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlash taklifini ilgari surdi. Mazkur yoʻnalishlarda hamkorlik qilish, ayniqsa, Oʻzbekistonning arab davlatlari bilan aloqalari tobora kengayib borayotgan va arab tilini oʻrganishga ehtiyoj ortayotgan sharoitda sifatli taʼlimni taʼminlash uchun arab tili boʻyicha malaka oshirish kurslarini, jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish, arabshunos talabalarni Helvon universitetiga qisqa muddatli oʻqishga yuborish dolzarb ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.

Misr ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari bilan hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlar doirasida “Al-Hivor” siyosiy va media tadqiqotlari markazi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazildi. Yurtimiz vakillari Oʻzbekistonda chet el universitetlarining filiallari ochilayotgani, umuman, arab tilini oʻrganishga qiziqish ortayotganini taʼkidladi.

Xususan, davlatimiz rahbarining “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, TDSHU huzurida “Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi” hamda “Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi” tashkil etilgani aytildi.

Ushbu markazlar va “Al-Hivor” markazi oʻrtasida ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklifi ilgari surildi. Markaz rahbariyati Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq davlatlarining ichki va tashqi siyosati, xalqaro munosabatlariga bagʻishlangan strategik tadqiqotlar amalga oshirish, universitet professor-oʻqituvchilari va iqtidorli yoshlarining tahliliy hujjatlarni tayyorlash boʻyicha malakasini oshirishga qaratilgan ilmiy-nazariy seminarlar, dolzarb mavzularda konferensiyalar oʻtkazish, muayyan siyosiy jarayonlar boʻyicha tayyorlangan tadqiqotlarga taqrizlar yozish, hammualliflikda monografiyalar yaratishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Misr oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan muzokaralarda erishilgan kelishuvlar asosida kelgusida Ayn Shams universiteti, Qohira universiteti, Iskandariya universiteti, Helvon universitetining qisqa muddatli arab tili boʻyicha malaka oshirish kurslariga arab tili oʻqituvchilari va talabalarini yuborish, “Al-Hivor” siyosiy va media tadqiqotlari markazi bilan birgalikda Oʻzbekiston — Misr aloqalariga bagʻishlangan ilmiy anjuman oʻtkazish, arab jamoatchiligini Oʻzbekiston haqidagi yangi maʼlumotlar bilan tanishtirib borish uchun “Al-Hivor” markazi hamkorlikda elektron axborotnoma taʼsis etish, Helvon universiteti bilan 2023/2024 oʻquv yilidan filologiya (arab tili) taʼlim yoʻnalishi yoki lingvistika (arab tili) mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish ustida tegishli ishlar boshlab yuborildi.