Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi “Roʻzimboy Boltabika” fermer xoʻjaligi Yangibozor “Tekstil agroklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan oʻzaro shartnoma tuzgan. Unga koʻra, 2021-yilning iyul–noyabr oylarida fermer xoʻjaligi paxta dalasida bajariladigan texnika xizmati va mexanizatorlarning ish haqi kelishib olingan. Ammo bugungacha fermer xoʻjaligi ishchilari bir necha bor murojaat qilishlariga qaramay, “Tekstil agroklaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati ularning oylik maoshini bermagan. Bundan norozi ishchilar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur boʻlgan.

Isteʼmolchilarning murojaati belgilangan tartibda oʻrganilishi natijasida mexanizatorlarga ish haqi sifatida 24 355 850 soʻm berilishi lozimligi aniqlandi. Har ikki tomonga huquqiy maslahat berildi. Natijada mexanizatorlarning 4 nafariga 11 100.000 soʻm ish haqi undirib berildi. Qolgan oylik maoshi ham qisqa fursatda berilishiga kelishib olindi.

Yangibozor tumanidan yana bir isteʼmolchi Murod Kazakov isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Aytishicha, fuqaro Gurlan tumanidagi “Yuldosh” xususiy korxonasi sotuvchisidan LG-18 rusumli konditsioner xarid qilgan. Buni qarangki, sotuvchi sodda xaridorni aldab, LG-18 oʻrniga Shivaki-12 rusumli konditsionerni berib yuborgan.

Fuqaro uyiga borib, havo sovitkich qutisini ochgach, aldanganini bilib, mahsulotni sotgan korxonaga murojaat qilgan. Uning talabi qondirilmagach, tanishlarining taklifi bilan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Murod Kazakovning arizasi ijobiy hal etilib, unga yangi LG-18 rusumli havo sovitkich yetkazib berildi.