Uchrashuv davomida Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va texnik, madaniy — gumanitar hamkorlikning hozirgi holati, uni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni (KSHHB) ishlab chiqish, Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi hamda YEIning “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimiga qoʻshilishi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan tadbirlar muhokama qilindi.
Tomonlar Oʻzbekiston va YEI mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasining jadal surʼatlar bilan oʻsishini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni yana-da faollashtirish zarurligini taʼkidladilar va shu munosabat bilan mazkur yoʻnalishda samarali mexanizmlarni ishlab chiqish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishdilar.
Shu oʻrinda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirish maqsadga muvofiqligi alohida taʼkidlandi. Yevropa tomoni Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha koʻp tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar doirasida amaliy yordam koʻrsatishni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot chogʻida YEIning Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari YEI “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini olishda erishilgan yutuqlarni mamnuniyat bilan olqishladi. Bu oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga 6 mingdan ortiq turdagi mahsulotlarni Yevropa mamlakatlari bozorlariga bojsiz eksport qilish imkonini beradi. Yaqin kunlarda bu borada yakuniy qaror qabul qilinishi kutilayotgani maʼlum qilindi.
KSHHB loyihasini kelishish boʻyicha muzokara jarayonining dinamikasi ham ijobiy baholandi. Xususan, hozirgi kunga kelib, 22 raund muzokaralar oʻtkazildi, hujjatning asosiy bob va boʻlimlari kelishib olindi hamda qolgan masalalarni muhokama qilish va hal etish boʻyicha faol ishlar olib borilyapti. Tomonlar muzokara jarayonini jadallashtirish borasida navbatdagi tadbirlarni va bu yoʻnalishda hamkorlikni kuchaytirish choralarini belgilab oldi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Madaniy – gumanitar munosabatlar istiqbollari, xususan, Yevropaning “Erazmus” va “Gorizont Yevropa” taʼlim dasturlari doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi koʻpqirrali sheriklikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga va yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.