Yekaterinburgdagi moda haftaligida oʻzbek milliy matolaridan tayyorlangan liboslar namoyish etildi

    Voqea-hodisalar 15 Noyabr 2022 2052

    Joriy yil 8-13-noyabr kunlari Yekaterinburg shahrida “Ekaterinburg Fashion Week” 17-mavsumiy moda haftaligi oʻtkazildi.

    Tadbir Ural Davlat arxitektura va sanʼat universiteti, Sverdlovsk oblasti tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Yekaterinburg shahar maʼmuriyati tomonidan tashkil etildi.

    Haftalik doirasida rossiyalik professional dizaynerlar, shu jumladan, Ural moda sanoati vakillari hamda Rossiyaning turli shaharlaridan kelgan mahoratli ijodkorlar tomonidan tayyorlangan eng sara liboslar toʻplami namoyish qilindi.

    3 mingdan ortiq kishi tanishgan ushbu haftalikda Moskva, Yekaterinburg, Tyumen, Perm va Omsk shaharlarining kattalar va bolalar uchun kiyim-kechak va aksessuarlar ishlab chiqaruvchi 50 nafardan ziyod mohir dizaynerlar va mashhur brendlar qatnashdi.

    Shu oʻrinda “Natalya Mishukova” brendi ostida yekaterinburglik dizayner Natalya Shestakova tomonidan taqdim etilgan liboslar toʻplamini alohida taʼkidlash joiz.

    Ushbu dizaynerning kolleksiyasida qoʻllanilgan matolar oʻzbek adrasi va ipagidan iborat ekani bilan ajralib turdi. Tashkilotchilarining soʻzlariga koʻra, Natalya Shestakova kolleksiyasi ishlatilgan material tarkibi jihatidan ham mahalliy jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotgan. Dizayner Yekaterinburgdagi moda haftaligida oʻz kolleksiyasini namoyish etish uchun Oʻzbekistonda maxsus xarid qilgan matolari sifatidan juda mamnun ekanini aytdi.

    10-noyabrda Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi binosida Natalya Shestakova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbek milliy matolarini Ural federal okrugi hududida yanada kengroq targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan suhbat chogʻida hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi.

    Natalya Shestakovaning aytishicha, u ilgari Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan matolardan foydalangan, ammo ayni paytda ushbu mamlakatlardan bu mahsulotlarni Rossiyaga olib kirish toʻxtatilgani sababli u oʻz faoliyatini oʻzbek milliy matolariga yoʻnaltirishga qaror qilgan va bu, dizaynerning taʼkidlashicha, toʻgʻri qaror boʻlgan.

    Vatandoshlarimizdan birining tavsiyasi bilan Natalya Shestakova Margʻilon shahriga kelib, u yerda ipak va paxta matolarini ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

    Yekaterinburgdagi moda haftaligida u namoyish qilgan mahsulotlarning yarmi tadbirning birinchi kunidayoq xaridorlar tomonidan sotib olindi.

    Dizayner oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Oʻzbekistonga safari va oʻzbek milliy matolari haqida batafsil maʼlumotlarni eʼlon qilgan.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Konstitutsiyasi kunini nishonlash doirasida Sverdlovsk viloyati va Ural federal okrugining boshqa viloyatlaridan taklif etiladigan koʻp sonli mehmonlar ishtirokida mahoratli dizayner Natalya Shestakova tomonidan oʻzbek milliy matolaridan ishlangan mahsulotlar taqdimotini Yekaterinburgda birgalikda tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.