Xoʻsh, sochlar toʻkilishining asosiy sabablari nima? Ushbu amaliyotning necha turi bor? Ekilgan tolalar umrbod toʻkilmaydimi?
Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, trixolog Minnura Qodirova javob berdi.
— Odatda soch toʻkilishi muntazam davom etuvchi holat hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Yaʼni meʼyor boʻyicha bir kunda oʻrtacha 80-100 tagacha tola toʻkilishi mumkin. Agar bu holat tezlashib, yangi tolalar oʻsib chiqishi kamaysa, albatta, xavotirlanish lozim.
Soch toʻkilishiga olib keluvchi omillar juda koʻp. Eng avvalo, bu irsiyat bilan bogʻliq. Yaʼni ota-onalardan birida bunday muammo boʻlsa, u farzandga ham oʻtish ehtimoli yuqori.
Qolaversa, baʼzida soch oʻchoqli, yaʼni tanga-tanga boʻlib toʻkilishi yoki umumiy siyraklashishi mumkin. Ayrim erkaklarda esa androgen alopetsiya (tepakallik) uchraydi. Bunday kasallik gormonlar faoliyati buzilishi hamda irsiyat bilan bogʻliq.
Tangali soch toʻkilishi yondosh kasalliklar hisobiga yuz berishi, gemoglobin kamayganda, homiladorlikda, narkoz olishda va asabiylashganda kuzatiladi.
Surunkali infeksiyalar, sil, oʻsma kasalliklari, nurlanish, stress, kasb bilan bogʻliq noqulay sharoitlar, notoʻgʻri parvarish, vitamin va boshqa muhim moddalarning yetishmasligi, ayrim dorilarni qabul qilish hamda oshqozon-ichak traktining patologiyalari ham ushbu muammoni yuzaga chiqaradi. Tabiiyki, bunday holatlarda koʻpchilik insonlar soch ekish amaliyotiga murojaat qiladi.
Ushbu davolash turining ikki xil — jarrohlik va FUE usuli mavjud. Birinchi usulda soch teri bilan kesib olinib, graftlar bitta-bitta tola ildizlarga ajratiladi va alohida joylashtiriladi.
FUE — bu choksiz, kesmagan holda transplantantlarni olish va kiritishning mikrojarrohlik usuli boʻlib, bugungi kunda mana shu davolash turi keng qoʻllanilmoqda. Unda 1-4 toladan iborat soch guruhlari bemorning ensa sohasidan yoki tananing boshqa qismlaridan olinadi.
Agar ushbu amaliyotdan keyin shifokorlarning tavsiyalariga toʻliq amal qilinsa va davolanishning boshlangʻich muddatidan yaxshi oʻtib olinsa, koʻp hollarda ekilgan tolalar qayta toʻkilmaydi.