баннер
14 Mar 2025
04:12

    Ekologik madaniyat va yashil iqtisodiyot: Kelajakka nazar

    Mamlakatimizda 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb nomlanishi zamirida ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda yashil texnologiyalarni keng joriy etish maqsadlari yotadi.

    Bu tashabbus ekologik muammolarga eʼtiborni kuchaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha innovatsion yondashuvlarni ilgari surish va aholi ongida ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan.

    Jumladan, joriy yilning 7-fevralida davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” gi farmoni qabul qilindi.

    Mazkur hujjatda Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari etib bir qator vazifalar belgilandi.

    Davlat dasturiga koʻra, aholini atrof-muhit muhofazasiga faol jalb etish, ekologik qonunchilikni mustahkamlash va yosh avlodga ekologik tarbiya berish boʻyicha keng qamrovli tadbirlar rejalashtirilgan. Ekologik xavfsizlik nafaqat bizning sogʻligʻimiz, balki kelajagimiz uchun ham nihoyatda muhimdir. Shu bois, fuqarolarni atrof-muhitni muhofaza qilishga faol jalb etish, ularning ongini shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

    Bu jarayonda albatta oliy taʼlim sohasida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilar ham muhim rol oʻynaydi. Ular talabalarga bilim berish bilan cheklanibgina qolmasdan, balki yoshlarni ekologik sohadagi ongini shakllantirishda yetakchilik qilishadi. Shuningdek, farmonda belgilanganidek, mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish, aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish kabi vazifalarni targʻib qilish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlashda yanada masʼuliyatli boʻlishga undab, yoshlarni faol boʻlishga chaqirilmoqda.

    Xususan, Shahrisabz davlat pedagogika institutida ham professor-oʻqituvchilar va talabalar ongida ekologik madaniyatni shakllantirish, hudud ekologik holatini yaxshilash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Oliygohimiz hududda “Yashil makon“ umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilib atrof yashillikka burkanishiga zamin yaratilmoqda.

    Shuningdek, institutdagi oʻquv jarayonlarida fan dasturlari kesimida yoshlar ongida ekologik madaniyatni shakllantirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan mavzular kiritilib, yoshlarni ekologik bilimlarini oshirish, institut hududida yashil zonalar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, davlat dasturini ijrosini taʼminlashda barchamiz birdek harakatda boʻlsak, yurtimiz yanada yashillikka burkanadi. “Yashil iqtisodiyot” barqarorligi taʼminlanadi.


    Sherzod NEʼMATOV,

    fizika-matematika fanlari doktori, professor

    

    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech