Mazkur maʼlumotni Energetika vazirligi ochiqlarkan, bu Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 20-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi hamda 2025-yil 23-sentyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida belgilab berilgan strategik vazifalar – iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini keskin oshirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning yorqin ifodasi ekanini taʼkidlaydi.
Xabarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda umumiy quvvati 4 682 megavatt boʻlgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi.
“Yashil” energiya hisobidan:
- 2 mlrd 730 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi;
- Atmosferaga chiqishi mumkin boʻlgan 4 mln tonna zararli moddalar oldi olindi.
Yana bir muhim koʻrsatkich, joriy yil boshidan 22-oktyabr soat 19:00 holatigacha Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari jami 14 mlrd 520 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu – mamlakatimizdagi umumiy generatsiyaning 23 foizini “yashil energiya” tashkil etayotganini anglatadi.
Bu esa 7,5 mln xonadonning 10 oylik yoki 6 mln xonadonning bir yillik elektr ehtiyojiga teng!
Eslatib oʻtamiz, bundan 29 kun avval, yaʼni 23-sentyabr kuni soat 14:00 da yurtimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energisi 8 mlrd kVt·soatni tashkil etgan edi.








