Tanlovga bosma va internet jurnalistikasi yoʻnalishlari boʻyicha 2022-yilning 1-yanvaridan 2022-yilning 30-noyabrigacha gazeta va jurnallarda chop etilgan, internet saytlarida eʼlon qilingan materiallar qabul qilindi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilib, keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda yurtdoshlarimiz oʻrtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash masalasiga muhim vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
— Davlat ekologiya qoʻmitasi aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlod qalbida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini oshirishdek ezgu maqsadlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi bilan hamkorlikda “Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi maqolalar” tanlovini eʼlon qilgan edi. Tanlovga 50 ga yaqin ijodiy ishlar kelib tushdi va Davlat ekologiya qoʻmitasi, jamoatchilik vakillari hamda tajribali jurnalistlar ishtirokida xolisona koʻrib chiqildi, — deydi qoʻmita raisi N. Oblomuradov.
Tanlov yakunlariga koʻra, bitta birinchi oʻrin (televizor), ikkita ikkinchi oʻrin (planshet), ikkita uchinchi oʻrin (smartfon) sohiblari aniqlanib, taqdirlandi. Shuningdek, 3 ta ragʻbatlantiruvchi mukofot ham topshirildi.