— Oxirgi paytda biz dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlarini eshitib borishga alohida e'tibor beryapmiz. O'tgan galgi majlisimizda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bo'yicha ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining axboroti tanqidiy-tahliliy ko'rib chiqilib, qo'mita faoliyati qoniqarsiz deb topilgan edi.
Xabaringiz bor, ushbu masala davlatimiz rahbari huzuridagi videoselektor yig'ilishida ham tanqidiy ko'rib chiqildi. Xususan, daraxtlar kesilishiga joriy qilingan moratoriy muddati 2024-yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi ta'kidlandi.
Shunday ekan, bu borada hammamiz mas'uliyatni kuchaytirib, natijaga ishlashimiz kerak. Ekologiya sohasida javobgarlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan amaldagi qonunlar qayta ko'rib chiqiladi.
Atrof-muhit muhofazasi, xususan daraxtlarni asrash, yashil hududlarni kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash kabi qator yo'nalishlarda hududiy mutasaddilarning hisobotlarini muntazam eshitib borish orqali ularning faoliyatiga baho berish (kerak bo'lsa lavozimdan chetlashtirish) maqsadga muvofiq.