Davlat ekologiya qoʻmitasi delegatsiyasi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari boʻlgan suvli-botqoq joylar toʻgʻrisidagi konvensiyasining (Ramsar konvensiyasi, 2.02.1971, Ramsar, Eron) Bosh kotibi Marta R. Urrego xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda suvda suzuvchi qushlarining yashash joylari uchun muhim boʻlgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish boʻyicha erishilgan yutuqlar va keyingi rejalar haqida soʻz yuritildi. Oʻzbekiston tomoni tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasidagi hozirgi holat va olib borilayotgan ishlar, shuningdek, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni, shu jumladan mamlakatimizda Ramsar Konvensiyasiga kiritilgan obyektlarini saqlash va kengaytirish rejalari haqida maʼlumot berdi.

Kotibiyat suv botqoq yerlarida tadqiqot ishlarini olib borish sohasida faoliyat yuritayotgan  mutaxassislarning malakaviy salohiyatini oshirishga yordam berishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar 2021-yil noyabr oyida boʻlib oʻtadigan tegishli konferensiyada ishtirok etishining muhimligini taʼkidladilar. Mazkur konferensiyada 2020-yildan keyingi bioxilma-xillikning global tizimi va global maqsadlarga erishishning asosiy koʻrsatkichlari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Uchrashuv yakunida Kotibiyat Oʻzbekiston hukumatiga respublikamizda Ramsar roʻyxatiga kiritilgan botqoqli ekotizimlar va obyektlarni saqlashga alohida eʼtibor qarayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, yangi Ramsar hududlarini tashkil etish va boshqarishda ekspert yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75 -sessiyasi tomonidan 2021-yil 30-avgustda qabul qilingan Ramsar konvensiyasi qabul qilingan sana 2-fevralni - Butunjahon suv -botqoqli yerlar kuni deb eʼlon qiluvchi rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi respublika tomonidan qoʻllab quvvatlangani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Maʼlumot uchun: hozirda Oʻzbekiston hududida Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kiritilgan 3 ta obyekt mavjud, jumladan Dengizkoʻl (2002) Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi (2008), shuningdek, Quyimozor va Toʻdakoʻl suv omborlari (2020)