Muzokaralar Germaniyaning Berlin shahrida boʻlib oʻtgan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyani (CMS) targʻib qilish boʻyicha yuqori darajadagi tadbir doirasida boʻlib oʻtdi.

Eng qadimiy va nufuzli ekologik tashkilotlardan biri rahbari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro shartnomalar doirasida hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishildi. Xususan, NABU Oʻzbekistonga ushbu sohadagi davlat majburiyatlarini amalga oshirishda ekspert yordamini koʻrsatadi. Bundan tashqari, Qozogʻistonda saygʻoqlar populyatsiyasini koʻpaytirish va Oʻzbekistonda ekologik dasturlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, joriy yilning noyabr dekabr oylarida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan CITES konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 20-yigʻilishi oldidan hujjatlar, tashabbuslar va tadbirlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Tabiat va bioxilma-xillikni asrash ittifoqi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash bilan yakunlandi. Hujjat yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar turlari va ularning yashash joylarini muhofaza qilish, shuningdek, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasida birgalikdagi saʼy-harakatlarga qaratilgan.

Memorandum doirasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari:

— yoʻqolib borayotgan yovvoyi tabiat vakillarining yashash joylarini himoya qilish va muhofaza qilinadigan hududlarni yaratish boʻyicha loyihalarni qoʻllab-quvvatlash.
— Oʻzbekistonga atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda koʻmaklashish, shu jumladan, IUCN va boshqa koʻp tomonlama tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
— Atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari mutaxassislari uchun malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish (monitoring, turlarni muhofaza qilish, ekologik taʼlim).
— Oʻzbekistonlik yosh olim va mutaxassislarni Germaniyaning yetakchi ekologiya institutlarida stajirovka va malaka oshirishni tashkil etish orqali qoʻllab-quvvatlash.
— Brakonyerlikka qarshi kurash va yovvoyi tabiat populyatsiyasi monitoringini qoʻllab-quvvatlash.
— koʻchmanchi qushlar va ularning yashash joylarini muhofaza qilish loyihalarini ishlab chiqish.

Ushbu memorandum tabiatni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, mintaqada yanada barqaror ekologik siyosatni shakllantirishga xizmat qiladi.