Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda qayd etilganidek, 2022-yilning birinchi yarim yilligida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan jami 1 942,2 milliard so'm yo'naltirilgan. Mazkur mablag'lar atmosfera havosi muhofazasi, suv va yer resurslarini muhofaza qilish, o'simlik va hayvonot dunyosi muhofazasi, Orolbo'yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, yerlarni suv va shamol eroziyasidan saqlash va yerlar rekultivatsiyasiga sarflangan.
Shuningdek, aholi punktlarini toza ichimlik suv bilan ta'minlash va oqava suv tizimlarini yaxshilash dasturlarni amalga oshirish bo'yicha 173 ta ob'ektlarga 1 131,6 milliard so'm mablag'lar moliyalashtirib berilgan.
Yig'ilishda amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi. Ammo davlat byudjeti mablag'lari mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan har doim ham samarali va o'z vaqtida bajarilmasligi, ajratilgan mablag'lar o'zlashtirilmay qolayotgani deputatlarning e'tirozlariga sabab bo'ldi.