Vazirlikning qayd etishicha, Oʻzbekiston dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan mamlakat sifatida, kislorod manbalari va karbonat angidridni yutish imkoniyatidan mahrum. Shu bilan birga, mamlakat hududining 60 foizidan ortigʻi choʻl va yarim choʻllardan iborat boʻlib, iqlim oʻzgarishlariga nisbatan juda zaif hisoblanadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim isishi global oʻrtacha koʻrsatkichlardan ikki baravar tezroq ketmoqda. Soʻnggi 30-yilda mintaqada harorat 1,5°C ga koʻtarilgan boʻlsa, bu global oʻrtacha 0,7°C ga teng. Shunday sharoitda yashil hududlar ekologik muvozanatni saqlashda hayotiy ahamiyatga ega boʻlib, daraxt kesishga qarshi moratoriy aynan shu maqsadni koʻzlagan, demoqda vazirlik.

Bayonotda aytilishicha, rivojlangan davlatlar tajribasi daraxt kesishga qatʼiy cheklovlar atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror shaharlashuvning samarali vositasi ekanini koʻrsatmoqda:

  • Germaniyada nafaqat oʻrmonlar, balki shahar daraxtlari ham qonun bilan muhofaza qilingan. Jamoat joylaridagi noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun 50 ming yevrogacha jarima belgilanadi. Bunday holatlarda kompensatsion choralar qatʼiy nazorat ostida boʻladi.
  • Buyuk Britaniyada daraxtni saqlab qolish boʻyicha berilgan order (Tree Preservation Order) talablari buzilgan taqdirda, 20 ming funtgacha jarima yoki cheklanmagan jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. 2023-yilda mashhur Sycamre Gap daraxtini kesgan shaxs 4-yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan.
  • Qozogʻistonda Jinoyat kodeksining 340-moddasiga koʻra, noqonuniy daraxt kesish oylik hisoblash koʻrsatkichining 160 baravari (taxminan 1 181 dollar) miqdorida jarima yoki 40 kungacha hibs jazosi bilan jazolanadi. Mulk musodara qilinishi ham mumkin.
  • Rossiyada Jinoyat kodeksining 260-moddasi asosida 1 mln rublgacha (12 770 dollar) jarima yoki 4-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud. Shuningdek, texnika musodara qilinishi va zarar kompensatsiyasi ham talab qilinadi.

«Bu misollar shuni koʻrsatadiki, hattoki iqlimi qulayroq davlatlarda ham daraxtlarni muhofaza qilish boʻyicha qattiq chora-tadbirlar mavjud.

Taqqoslash uchun, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 79-moddasida fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25–50 baravari (738–1470 dollar), mansabdor shaxs uchun esa BHMning 50–75 baravari (1470–2210 dollar) miqdorida jarima belgilangan. Shuning uchun moratoriyani saqlash va kuchaytirish ekologik barqarorlikning muhim chorasi sifatida koʻrilmoqda», – deyiladi Ekologiya vazirligi bayonotida.

Vazirlikka koʻra, Murod Nazarov taklif qilgan kompensatsion ekishlar va “daraxtlar banki” mavjud moratoriyga quyidagi sabablar tufayli toʻliq alternativ boʻla olmaydi:

Birinchidan, voyaga yetgan daraxtni hech qanday koʻchat toʻliq almashtira olmaydi — na CO₂ yutish hajmi, na mikroiqlimga taʼsiri, na biologik xilma-xillik boʻyicha. Yevropa atrof-muhit agentligi maʼlumotlariga koʻra, bitta daraxt yiliga 21 kg CO₂ ni yutadi. Birorta ham koʻchat bu funksiyani oʻn yillab yillar davomida bajara olmaydi.

Ikkinchidan, “daraxtlar banki” amaliyoti sunʼiy ravishda korrupsiya va spekulyatsiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Human Rights Watchʼning “Wild Money” (“Yovvoyi pul”) tadqiqotiga koʻra, ayrim mamlakatlarda kompensatsion ekinlar noqonuniy daraxt kesishni yashirishga xizmat qilmoqda. Oʻzbekistonda esa kompensatsion ekinlar – mavjud maʼmuriy yoki jinoiy javobgarliklarga qoʻshimcha choradir, lekin muqobil emas.

“Afsuski, ayrim qurilish sohasi vakillari ekologik qonunchilikni chetlab oʻtish uchun kinoya bilan aytganda «ijodkorona” yondashuvlarni qoʻllamoqda. Masalan, daraxtlarni sunʼiy quritish orqali keyin ularni qonuniy tarzda kesishga urinish – bunday amaliyotlarning yaqqol misolidir», – deya qayd etgan vazirlik.

Ekologiya organiga koʻra, mavjud moratoriy qayta koʻrib chiqishga urinish, ayniqsa, kompaniyalar oʻz faoliyatiga ESG tamoyillarini joriy etishga intilayotgan, shuningdek, mamlakatda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilingan bir paytda, afsus bilan qarshi olinadi.

“Oʻz chiqishida janob Nazarov har qanday yoʻl bilan daraxt kesish boʻyicha turli «usullar” qoʻllanayotganini tilga oldi. Shu munosabat bilan, vazirlik uning daraxt kesishda qoʻllayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan toʻliq taftish oʻtkazilishi zarur, deb hisoblaydi. Ushbu oʻrganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi, deb umid qilamiz.
Jahon amaliyoti shundan dalolat beradiki, barqaror qurilish yashil maydonlarni yoʻq qilib, keyin kompensatsiya qilishga emas, aksincha, ularni saqlashga asoslanadi. Vazirlik konstruktiv muloqotga tayyor, lekin davlat ekologik siyosatining prinsipial asoslarini qayta koʻrib chiqishga emas», – deya oʻz bayonotini yakunlagan Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.