Ekologlarga qayiq eshkagi bilan hujum qilganlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Brakonyerlardan ov qilishni toʻxtatish soʻralganida, ular ekologiya inspektorlariga qayiq eshkaklari bilan hujum qilib, ularni urib suvga yiqitishgan va voqea joyidan qochishgan.

    Joriy yilning 29-aprel kuni Toshkent viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryo daryosi oqimi boʻylab ekologik nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.

    Tekshirish davomida daryoning Oqqoʻrgʻon tumani, “Eltamgʻali” MFY, Koʻrik qishlogʻidan oqib oʻtuvchi qismida 2 nafar fuqaro tomonidan motorli qayiq va toʻr yordamida “Oʻzbekiston Respublikasida ov qilish Qoidalari”ga zid ravishda baliq ovlanayotganligi aniqlangan.

    Brakonyerlardan ov qilishni toʻxtatish soʻralganida, ular ekologiya inspektorlariga qayiq eshkaklari bilan hujum qilib, ularni urib suvga yiqitishgan va voqea joyidan qochishgan.

    Oqqoʻrgʻon tuman prokuraturasi tomonidan 2-may kuni yuqoridagi 2 nafar shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.