Eksimbank Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlarini oʻrgandi

    Investitsiyalar 19 Iyun 2021 964

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazirning birinchi oʻrinbosari L.Kudratov Koreyaning Eksimbanki vakolatxonasi rahbari In-kyu Cho bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va oʻquv komponentlarini yaratish (1-bosqich)”, Milliy saraton markazi va Kattalar uchun koʻp tarmoqli tibbiyot klinikasini qurish kabi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Ushbu loyihalarni joriy etilishini tezlashtirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.

    Tomonlar, shuningdek, 2021-yil uchun ustuvor tashabbuslarga, jumladan, “Umumtaʼlim maktablarini kimyo, fizika, biologiya fanlari boʻyicha laboratoriya toʻplamlari bilan jihozlash va xalq taʼlimi sohasida AKT modernizatsiya qilish”, “Tashkent Pharma Park” Innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va oʻquv komponentlarini yaratish (2-bosqich)”, “Tibbiyot OTMni qurish” loyihalariga oid navbatdagi qadamlarni muhokama qildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: bugungi kunga kelib, “EDCF” Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Respublikada umumiy qiymati 296,5 million dollarga teng boʻlgan 8 ta loyiha amalga oshirildi. Hozirgi vaqtda 608 million dollarlik 6 ta loyiha hayotga tatbiq etilyapti. Umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng boʻlgan yangi loyihalardan tashkil topgan 2021-2023-yillarga moʻljallangan Rivojlanish dasturini amalga oshirish Bitimi imzolandi.