Shu yilning 12 noyabr kuni Prezidentimiz Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy Vortex” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishar ekan, to'qimachilik sanoatiga oid loyihalarni barpo etishda arzon konstruktsiyali materiallardan foydalanish, Qashqadaryo viloyatidagi klasterlarni kooperatsiya qilib, sun'iy tola tayyorlashni maqbullashtirish, yog'ochdan tabiiy tola — viskoza ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriqlar berdi. Ularning bajarilishi natijasida tarmoqda yangi milliy-iqtisodiy tizim vujudga keladi.
Yangi iqtisodiy tizim
Mazkur jamiyat tarkibidagi “Shahrisabz Textile” korxonasi joriy yilning oktyabr oyida ishga tushirildi va u kalava ip, trikotaj mato bilan bir qatorda 5,5 ming tonna sun'iy tolali ip ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu mahsulot korxonaning yiliga umumiy qiymati 7 million dollarni tashkil etadigan eksporti hajmida ham alohida o'rin tutadi.
Viskoza tsellyulozadan olinadigan tabiiy tola bo'lib, u pishiqligi, mayinligi va chidamliligi bilan ajralib turadi. Tadqiqotchilar fikricha, uni sintetika deb o'ylab, paxtani afzal ko'rganlar adashadi. Chunki ikkalasi ham tabiiy tola bo'lib, ular tarkibidagi tsellyulozaning 90 foiz xususiyati bir xil. endilikda mamlakatimiz to'qimachilik sanoatida ham uni qo'llashga katta e'tibor qaratiladi va bunda Shahrisabzdagi korxona tajribasi boshqa ishlab chiqaruvchilarning istiqbol loyihalarini amalga oshirishda asqatadi.
Tez orada Toshkent shahri va viloyati hududidan o'n gektar er ajratilib, “Oqsaroy Group” kompaniyasi negizida to'qimachilik texnoparki tashkil etiladi va mahsulotlarning onlayn savdosi yo'lga qo'yiladi. Yurtimizdagi barcha to'qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilari bir joyga jamlanadigan ushbu texnoparkda ularning do'konlari va omborlari bo'ladi. Texnopark, birinchi navbatda, eksport masalasiga ko'maklashadi. Mazkur kompaniya rahbari Davron Vahobov bugungi kunda “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari sifatida ish olib boryapti. Demak, bu loyihalarning o'z vaqtida bajarilishi uning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalar sirasiga kiradi.
Davlatimiz rahbari yaqinda Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida YAngiariq tumanidagi “Yan Tex Invest” mas'uliyati cheklangan jamiyati va Urganch shahridagi texnoparkda “Oq oltin mega tekstil” shirkati faoliyati bilan tanishar ekan, bunday quvvatlarning ayollar va yoshlarni ish bilan ta'minlashdagi ahamiyatini yuqori baholadi. Boshqa hududlarda ham kasanachilikni rivojlantirgan holda mana shunday zamonaviy to'qimachilik korxonalarini tashkil etish yuzasidan ko'rsatmalar berdi. Aslida ham asosan xotin-qizlar ishlayotgan fabrikalarning uylari yonida bo'lishi, o'zlariga yoqqan hunar bilan shug'ullanishlari ularning mehnatiga mazmun, hayotlariga zavq bag'ishlaydi.
Rag'bat, imtiyoz va samara
To'qimachilik sanoati mamlakat iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri. Soha xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi korxonalarni tashkil etish, ish o'rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash, mahsulotlarni eksport qilish bo'yicha etakchilar qatorida turadi. Texnologiya va innovatsiya jihatidan jahon standartlari asosida jixozlangan korxonalarning soni 7 mingdan ziyod bo'lib, ularning aksariyati “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi a'zolari hisoblanadi. Shu bilan birga, bu soha respublika milliy iqtisodiyotini rivojlantirishda strategik yo'nalishlardan biridir.
— So'nggi yillarda tarmoqda tub o'zgarishlar yuz berdi, — deydi uyushma boshqarma boshlig'i Sanjar To'xtaev. — Sanoat paxta tolasini yurtimizning o'zida 100 foiz qayta ishlashga erishildi, yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar eksporti ulushi sezilarli darajada oshdi. Mamlakatimizda pandemiya oqibatlarining sanoat ishlab chiqarish sur'atlariga ta'siri oldini olish va davlat tomonidan har bir tarmoqni qo'llab-quvvatlash bo'yicha tezkor choralar ko'rib kelinyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 5 maydagi “To'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo'llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga binoan, korxonalar va klasterlarni yanada qo'llab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga o'tildi. 2020 yil 31 dekabrgacha bo'lgan muddatda qo'shilgan qiymat solig'ini qoplab berishning soddalashtirilgan tartibi amal qilishi korxonalarning QQSni o'z vaqtida qaytarib olishi va buning natijasida chetdan qo'shimcha moliyalashtirishga yoki bank kreditlari olishga ehtiyoj kolmasligini ta'minlashga xizmat qilib kelyapti.
To'qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini pandemiya davridan so'ng iqtisodiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan 2025 yilgacha mo'ljallangan dastur ishlab chiqildi. Bu, avvalo, korxonalar faoliyatida uzilishlar bo'lmasligi, mavjud ishchi kuchini saqlab qolish va eksport hajmini oishirishga qaratilgan choralarni qamrab oladi. Misol uchun, 2019 yilda 303 million dollardan ortiq mahsulot import qilingan, ulardan 238 milliard so'm bojxona to'lovi amalga oshirilgan. Farmonga ko'ra, 2021 yilning 1 yanvarigacha bo'lgan muddatda olib kiriladigan 64 ta turdagi xomashyoga bojxona boji bekor qilinishi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 7 foizgacha pasayishiga olib kelmoqda. Bu, o'z navbatida, tashqi bozorlarda mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga va eksport salohiyati o'sishiga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2020 yil 7 maydagi “eksport faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga binoan esa mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga avtomobil, temir yo'l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar ro'yxati tasdiqlandi. Mazkur hujjatga muvofiq, hududlar va tarmoqlar eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari bo'yicha doimiy ishlovchi respublika komissiyasi faoliyati yo'lga qo'yildi. Komissiya tomonidan eksport qilishda transport xarajatlari bo'yicha subsidiya taqdim etiladigan mahsulotlar ro'yxatiga o'zgartirish va qo'shimchalar ham kiritib kelinyapti. Masalan, yaqinda qo'shimcha aralashma, jut, bambukli sintetik iplar, bosh kiyim va boshqa mahsulotlar ham mazkur ro'yxatdan joy oldi.
Aholini ish bilan ta'minlashda to'qimachilik sanoati korxonalarining o'rni katta. Hozirgi kunda tarmoqda 360 mingdan ziyod aholi ish bilan ta'minlangan, barcha tumanlarda korxonalar tashkil etilgan. Paxta tolasini chuqur qayta ishlash evaziga qo'shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ular faoliyatining o'zagiga aylanib boryapti.
Buni quyidagi ma'lumotlar ham tasdiqlab turibdi. Agar 2016 yilda to'qimachilik mahsulotlari eksporti 1,1 milliard dollar atrofida bo'lgan bo'lsa, 2020 yilga kelib bu miqdor 2,1 milliard dollarga etdi. Ularning asosiy iste'molchilari MDH mamlakatlari, Xitoy, Turkiya hisoblanadi. Bugungi kunda bu mahsulotlar dunyoning 55 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.
GSP+ qanday manfaat keltiradi?
— Uyushmamiz Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni diversifikatsiya qilish maqsadida Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari bilan hamkorlikda salohiyatli xaridorlar va savdo tarmoqlari bilan muzokaralar o'tkazmoqda, — deydi “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Davron Vahobov. — Eksportini jadallashtirishda muhim omillaridan biri GSP+ tizimi bo'lib, u o'zbek to'qimachilik mahsulotlari boshqa mamlakatlarning tovarlari bilan jiddiy raqobatlashishiga imkon yaratadi. Yodingizda bo'lsa, bu ishlarga to'rt yil oldin kirishilgan edi. O'zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan To'qimachilik bayonnomasini ratifikatsiya qildi. Unda yurtimiz to'qimachilik sanoati tovarlarini EI mamlakatlariga eksport qilishda bojxona to'lovlarini sezilarli darajada pasaytirish ko'zda tutilgan. Agar ilgari bunday mahsulotlarning YI bojxona hududiga kirishida 17 foiz miqdorida to'lov to'langan bo'lsa, mazkur bayonnoma shartlariga ko'ra ular 6 foizga tushirildi. Hozirga qadar O'zbekistonda YIga 3000 ta tovarni bojxona to'lovisiz va 3200 ta mahsulotni pasaytirilgan stavkalar bilan eksport qilish imkonini beradigan GSP tizimidan foydalanib kelingan.
GSP (Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi) rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqariladigan va rivojlangan davlatlarga olib kiriladigan tovarlarning ayrim turlari uchun tarif stavkalarini pasaytirish yoki bekor qilishni nazarda tutadi. Ushbu mezon ikki tomon uchun ham qulaylik yaratadi. Keyingi bosqichda O'zbekistonga GSP+ tizimiga o'tish vazifasi qo'yildi. “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi unga qo'shilish tashabbuskorlaridan biri bo'ldi. Bu borada Yevropa komissiyasi vakillari bilan doimiy ravishda ishlar olib borildi, mutasaddi vazirliklar ko'magida turli darajadagi uchrashuvlar o'tkazildi, xususan, YIning Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha komissari Piter Burian bilan muzokaralar bo'lib o'tdi.
O'zbekiston ushbu maqomni olishi uchun inson va mehnat huquqlariga oid 27 ta asosiy xalqaro konventsiyaga rioya qilinishi, jumladan, paxta yig'im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqaruv qoidalari doirasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz delegatsiyasining Bryusselga tashrifi tashkil etildi. Evrokomissiya vakillari, tadbirkorlar, mashhur kiyim brendlari va OAV vakillari bilan muzokaralar o'tkazildi.
Natijada Evropa tomoni GSP+ dan foydalanuvchi maqomini olish uchun zarur bo'lgan barcha xalqaro konvensiya va bitimlarning O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi yakunlaganini bildirdi va yurtimiz arizasini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi. Joriy yilning 30 noyabrida Evropa komissiyasi O'zbekiston Respublikasining GSP+ dan foydalanuvchi maqomini olish to'g'risidagi arizasi bo'yicha ijobiy qaror qabul qildi.
GSP+ ga o'tilganidan so'ng o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar o'z mahsulotlarini Evropa bozoriga olib kirishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashlari mumkin. SHu bilan birga, Evropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo'lgan tovarlarning soni 6200 taga ko'payadi. Mutaxassislar fikricha, GSP+ tizimiga o'tish dastlabki bosqichda to'qimachilik mahsulotlari eksporti Yevropa bozoriga kirish hajmining 300 million, 2025 yilga borib 1,2 milliard AQSH dollariga etishiga imkoniyat yaratadi.
Yuqorida qayd etilganidek, O'zbekiston 2,1 milliard dollardan ortiq to'qimachilik mahsulotlarini eksport qilmoqda. Hozirgi kunda ularning atigi 60 million dollari Yevropa Ittifoqi davlatlari hissasiga to'g'ri keladi. 2019 yilda bu miqdor 56,7, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 62,5 million AQSH dollarini tashkil qilgan.
Yana bir muhim jihati, GSP+ tizimi joriy qilingandan so'ng Evropa mamlakatlari vakillarining O'zbekiston to'qimachilik sanoati bilan hamkorlikka qiziqishi ortadi. Bu, o'z navbatida, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi