Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida amalda umumiy qiymati 407,3 mln. dollarlik kimyo mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, yillik reja (400,8 mln. dollar) 31-oktyabr holatiga 101,7 foizga uddalandi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish 155 foiz oʻsishga erishildi.

Yuqori koʻrsatkichlarga sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar hisobiga erishilmoqda. Jumladan, eksport qilinayotgan mahsulotlarni diversifikatsiyalashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil davomida 37 turdagi kimyo mahsulotlari, shundan 13 turi yangi boʻlib, murakkab mineral oʻgʻitlari (9 xil), polianion sellyuloza, suyuq mineral oʻgʻitlari (2 xil) eksportga yoʻllandi.

Taʼkidlash joizki, ayrim turdagi mahsulotlar eksportining oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davriga qiyoslaganda ularning koʻlami yanada yaqqolroq namoyon boʻladi.  Xususan, superfrsfat —  35 barobarga, suyultirilgan ammiak — 16 barobarga, avtomobil shinasi —  11 barobarga, suyuq argon va ammoniy xloridi eksporti 6 barobarga oshgan.

“Oʻzkimyoimpeks” MCHJ tomonidan yangi bozorlarni oʻzlashtirish hisobiga eksport geografiyasi kengaytirilmoqda. Yil boshidan buyon jahonning 36 ta davlatiga mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bu koʻrsatkich 2021yilda 28 tani tashkil qilgan. Misol uchun, birgina Mongoliyaga umumiy qiymati 625,8 ming dollarlik karbamid va NPK mahsulotlari sotildi.

Shu bilan birga, tashqi bozordagi yirik treyderlar bilan hamkorlik ham kengayib boryapti.Litvaning “UXB Agro” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samarqand-NPK” MCHJ  qoʻshma korxonasida mineral oʻgʻitlarini ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirish yoʻlga qoʻyildi.

Isteʼmolchilar va tashqi bozorning talabidan kelib chiqib birinchi marta “Fargʻonaazot” AJda mineral oʻgʻitlarni qop bilan bir qatorda big-beglarga yuklash amaliyoti qoʻllanildi.

Jahon bozoridagi mineral oʻgʻitlar narxi dinamikasi doimiy ravishda tahlil qilinib borilib, mahsulotlarni yuqori rentabelli narxlarda sotishga erishilmoqda. Masalan, 2021-yilning yanvar-oktabr oylarida 198,5 mln. dollarlik 871,5 ming tonna mineral oʻgʻitlar eksportga chiqarilgan boʻlsa, joriy yilda 753 ming tonna ana shunday mahsulotlar 329,4 mln. dollarga sotishga erishildi, yaʼni oʻtgan yilga nisbatan eksportga chiqarilgan har bir tonna mineral oʻgʻitdan 209 dollar koʻp foyda koʻrildi.

Yana bir muhim jihat shundaki, mahsulotlarni eksport qilishda xorijiy mamlakatlarda ochilgan savdo uylaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilda savdo uylari orqali 33,6 mln. dollarlik mahsulotlar sotildi.

Hozirda ichki zaxira va imkoniyatlarni qayta koʻrib chiqib, qoʻshimcha ravishda 25 mln. dollarlik kimyo mahsulotlarini eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda. Natijada 2022-yil yakuni bilan yillik eksport hajmi 450 mln. dollarga yetishi va belgilangan rejaning 112,3 foizga bajarilishi, oʻtgan yilga nisbatan 117,8 foizga oʻsish taʼminlanishi kutilmoqda.