Yigʻilishda tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Mutasaddi rahbarlar tarmoqlar va hududlar kesimida eksport faoliyatining bugungi holati, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar va bu borada mavjud muammolar yuzasidan hisobot berdilar. Tadbirkorlar va eksportchilar muammolarini hal qilishda ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlar faoliyati qattiq tanqid qilindi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar oʻrinbosari, shuningdek, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi.
Yuqorida qayd etilgan rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qoʻyildi. Eksportga yoʻnaltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash, ularni ishlab chiqarish va eksport faoliyatida har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga korxonalarga biriktirilgan xodimlar tegishli idoralar rahbarlari bilan birga shaxsan javobgar ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi istiqbolli bozorlarni kashf etish hamda eksportga yetkazib berish yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish uchun yangi zaxira va imkoniyatlarni aniqlash va safarbar qilish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qoʻshimcha manzilli topshiriqlar berildi. Ularning oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.