Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori oʻrinbosari U.Obidxoʻjayev iqtisodiyotdagi qiyosiy ustunliklar va Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini oshirish istiqbollari toʻgʻrisida soʻzladi.

Taʼkidlanishicha, 2016–2019-yillar davomida Oʻzbekiston eksporti hajmi 12,6 milliard dollardan 17,9 milliard dollargacha yoki 42 foiz oshgan. Biroq oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi eksport koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada eksport hajmi 15 foiz kamaydi.

Eksport tarkibining taxminan 50 foizi xomashyo hissasiga toʻgʻri keladi. Shu bois soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotning yuqori qoʻshilgan qiymatga ega, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoqlarini jadal rivojlantirish yoʻlidan bordi.

U.Obidxoʻjayevning taʼkidlashicha, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni hisobga olgan holda, hukumat oldiga joriy yilda tovar va xizmatlar eksporti hajmini kamida 20 foiz oshirish vazifasi qoʻyilgan.

Harvard universiteti tadqiqotlari shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekiston 50 dan ortiq nomdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda yetarli imkoniyat va nisbiy ustunlikka ega.

Xususan, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish, toʻqimachilik, charm-poyabzal va oziq-ovqat sanoatini iqtisodiyotning drayveriga aylantirish uchun barcha sharoitlar mavjud.

Unga koʻra, Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga yana-da integratsiyalashuvi mahalliy mahsulotlarning yangi eksport bozorlariga chiqishiga yordam beradi. Shu munosabat bilan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha faol muzokaralar olib borilmoqda. YEOIIda kuzatuvchi mamlakat maqomiga ega boʻlindi. Yevropa Ittifoqi bilan faol hamkorlik olib borilmoqda. Bu esa Yevropa komissiyasi tomonidan Oʻzbekistonning “GSP+”da benefitsiar maqomini olish uchun arizasi boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinishiga yordam berdi.

Xalqaro savdo markazi metodologiyasi asosida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi olib borgan tahlil shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston mahsulotlarning ayrim turlari uchun foydalanilmagan eksport salohiyatiga ega. Xususan, 986,7 million dollarlik meva-sabzavot, 686,6 million dollarlik toʻqimachilik, 56,6 million dollarlik elektrotexnika mahsulotlari chiqarish imkoni mavjud.

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzoligi natijalarini dastlabki baholash borasida ham tadqiqot oʻtkazildi. Tahlillar “Trade Creation Effect” (Savdoni yaratish taʼsiri) va “Trade Diversion Effect” (Savdoni yoʻnaltirish taʼsiri)ni hisoblash metodologiyasi boʻyicha oʻtkazildi. Jahon savdo tashkilotiga kirish va import bojxona toʻlovlari 50 foiz pasayishi bilan, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonga import hajmi odatda 5 foiz, ayrim sanoat mahsulotlari uchun esa 2 foizdan 13 foizgacha oʻsishi mumkin.

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishidan eksportga taʼsir odatda ijobiy boʻladi. Chunki Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlar Oʻzbekistonga tashkilot doirasida kelishilgan import bojlari stavkalarini qoʻllaydi. Bu stavkalar hozirgi paytda Oʻzbekistonga nisbatan qoʻllanganidan past boʻlishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati