Mahsulotlarni eksport qilishda avtomobil, havo va temir yoʻl transportida tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

(Hududlar va tarmoqlar eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika komissiyasining 30.06.2020-yildagi 3257-son qarori)

Eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakillari) eksport qilinayotgan mahsulotni tashish xarajatlarining 50%igacha miqdorda kompensatsiya olishlari mumkin.

Eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilish amalga oshiriladigan mahsulotlar roʻyxati Prezidentning 07.05.2020-yildagi “Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4707-son qarori bilan tasdiqlangan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi esa subsidiya toʻlash boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.

Kompensatsiya manfaatdor shaxs - Oʻzbekistonda davlat roʻyxatiga olingan, mahsulotlarni xorijiy mamlakatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalariga muvofiq sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga binoan yuk joʻnatuvchi tadbirkorlik subyekti (yoki uning vakolatli vakili)ga toʻlanadi.

Eksport qiluvchilardan 2020-yilning 1-aprelidan boshlab eksport qilgan mahsulotlari boʻyicha kompensatsiya taqdim etish uchun arizalar quyidagi shartlarga rioya qilingan taqdirda qabul qilinadi:

  • eksport qiluvchi Oʻzbekistonda davlat roʻyxatiga olingan;
  • mahsulotlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan;
  • Oʻzbekiston bilan chegaradosh boʻlmagan (Afgʻonistondan tashqari) davlatlarga eksport qilingan mahsulotlar, bundan tuxum hamda parranda goʻshti va mahsulotlari (TIF TN kodi 0407210000, 0207) mustasno;
  • mahsulotlar belgilangan tartibda eksport rejimiga joylashtirilgan;
  • eksport shartnomasi (vositachilik shartnomasi, invoys)da transport xarajatlari eksport qiluvchi zimmasiga yuklangan va ushbu xarajatlar uchun toʻlovlar u tomondan amalga oshirilgan boʻlishi kerak.

Kompensatsiya miqdori qatʼiy mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishidan kelib chiqib hisoblanadi, biroq, eksport qiymatining (transport xarajatisiz):

  • avtomobil transportida tashishda – 5%idan;
  • temir yoʻl transportida tashishda – 7%idan;
  • havo transportida tashishda - TIF TN kodi 07,08, 0904 va 1202 bilan boshlanuvchi meva-sabzavot mahsulotlariga - 12%idan, boshqa mahsulotlarga - 6%idan ortib ketmasligi kerak.

Nizomda kompensatsiya miqdorini hisoblash va aniqlash formulasi keltirilgan, arizaga ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati, shuningdek kompensatsiya taqdim etishni rad etish uchun asoslar belgilangan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 30.06.2020-yildan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova.