Yig‘ilish doirasida erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini o‘zlashtirish, eksport hajmini oshirish, O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari ishtirokidagi biznes-forumni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil etilib, ushbu yo‘nalishlarning har birida dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Hozirgi kunda Respublikamizda 23ta erkin iqtisodiy zona mavjud bo‘lib, ular hududida umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bo‘lgan 458ta investitsiya loyihasi amalga oshirilganligi va 36 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganligi qayd etildi. Biroq, EIZlarnig mamlakat sanoatidagi ulushi 4 foizdan, eksportning umumiy hajmidagi ishtiroki esa 2 foizdan oshmasligi va bu ko‘rsatkich xorijiy davlatlardagisidan sezilarli darajada past ekanligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan, mutasaddi rahbarlarga erkin iqtisodiy zonalar samaradorligini oshirish, jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 611 million dollarlik 176ta yangi investitsiya loyihasini o‘z vaqtida ishga tushirish, EIZlarning muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni bajarish va direksiyalari rahbarlarining boshqaruv sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi. Shuningdek, joriy etilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratish zarurligi ta'kidlandi.
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini o‘zlashtirish borasidagi ishlarni kuchaytirish zarurati qayd etildi. Xususan, joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun 2,9 milliard dollar mablag‘lar sarflanishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda ayrim loyihalar bo‘yicha ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan talablarga nomuvofiqligi, loyihani amalga oshirish guruhlari ustidan samarali nazorat olib borilmayotganligi hamda tender takliflarini baholash sifatining pastligi kabi tizimli muammolar mavjudligi haqida so‘z bordi. Bu, o‘z navbatida, tender savdolari kechiktirilishiga va unga sarflanadigan vaqtning cho‘zilib ketishiga olib kelmoqda. Yig‘ilishda Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish va o‘zlashtirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni o‘z ichiga olgan, shuningdek, mazkur faoliyatga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida tashkil etilgan Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligini jalb etishni nazarda tutadigan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish topshirildi.
Eksport sohasida aniq vazifalar belgilandi – joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mamlakat eksport hajmi 5,2 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan hududlar va tarmoqlar kesimida eksport ko‘rsatkichlarining tahlilini o‘tkazish, ishlab chiqarish va tashqi savdo faoliyati jarayonida eksportchilar oldida turgan muammolarni aniqlash va ularni hal etish choralarini ko‘rish topshirildi. Bu jarayonda Eksportchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash Respublika shtabiga alohida o‘rin ajratilgan. Jumladan, unga eksport qiluvchilar masalalarini hal etish va tegishli davlat organlarining bu boradagi ishlarini doimiy ravishda monitoring qilib borishning o‘ziga xos mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish hajmini oshirish va tashqi bozorlarda yuqori talab va qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar turlarini kengaytirish maqsadida yuksak eksport salohiyati bor bo‘lgan korxonalar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy va moliyaviy chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.
Shu oyda Termez shahrida O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes-forumini yuqori saviyada o‘tkazish, «Made in Uzbekistan» ko‘rgazma-yarmarkasi hamda mintaqalararo kooperatsiya birjasini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ishonchli savdo bitimlarni tuzishni nazarda tutgan holda, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga rejalashtirilgan tadbirlarning yuqori natijadorligini ta’minlash topshirildi. Shu maqsadda mamlakatlararo va mintaqalararo sanoat hamkorligini rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirish va uchinchi mamlakatlardan mahsulotlar importini o‘rnini bosishga qaratilgan qo‘shma korxonalar yaratish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida bo‘lajak xorijiy sheriklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida alohida rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.