Eksport va investitsiyaviy faoliyatni faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi

    Investitsiyalar 8 Noyabr 2021 621

    Joriy yil 6-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining yigʻilishi oʻtkazildi. Unda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy koʻrsatkichlari, shuningdek, investitsiyalarni jalb etishni yanada ragʻbatlantirish, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Yigʻilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiya dasturlarini amalga oshirish va investitsiya loyihalarining joriy etilishi koʻrib chiqildi. Shu yilning dastlabki 10 oyida 6,8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgani maʼlum qilindi. Umumiy qiymati 75,5 trillion soʻm boʻlgan 10 112 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va natijada 142,8 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Yil oxirigacha yana 3 145 ta yangi investitsiya loyihasini foydalanishga topshirish hamda jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdorini 8,1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish va uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida ularning har biriga vazirliklar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimliklar rahbarlari biriktirildi. Mutasaddilar loyihalarning amalga oshirilishi ustidan kunlik monitoring olib boradilar va yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni hal etishda barcha imkoniyatlarni ishga soladilar.

    Mavjud muammolar tahlili va ularning yechimini nazarda tutgan holda toʻla quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish muhimligi qayd etildi. Masʼul rahbarlarga ishlab chiqaruvchilarni loyiha quvvatlariga olib chiqish boʻyicha aniq tadbirlarni mujassam etgan manzilli “Yoʻl xaritalarini” shakllantirish va tasdiqlash topshirildi.

    Xuddi shu tartibda eksport faoliyatining koʻrsatkichlari oʻrganildi. Joriy yil 1-noyabr holatiga koʻra, eksport hajmining koʻrsatkichi oʻtgan yildagisiga nisbatan 30% ga oshganligi qayd etildi. Tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining eksport hajmini joriy yil oxirigacha rejalashtirilgan koʻrsatkichlarga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglandi. Har bir eksport qiluvchi korxona uchun aniq muddatlar, hajmlar va mahsulot xaridorlari koʻrsatilgan eksportga yetkazib berish jadvallarini ishlab chiqishga koʻmaklashish, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida eksportchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish mexanizmini yoʻlga qoʻyishga oid koʻrsatmalar berildi.

    Ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni gaz va energiya bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Tijorat banklari rahbarlariga korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq aniq topshiriqlar berildi. Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda mahalliy mahsulotlarga buyurtmachilarni topish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy ishbilarmonlar vakillari oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatishga koʻmaklashish, shuningdek, eksportga yetkazib berishni amalga oshirish bilan bogʻliq yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor javob berishga urgʻu berildi.

    Yigʻilishda vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari koʻrib chiqilgan yoʻnalishlar boʻyicha oʻzlarining kelgusidagi rejalari haqida hisobot berib, belgilangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar oldi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.