Vazirlik xabarida aytilishicha, bugungi kunda Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan murakkab geosiyosiy vaziyat ushbu hudud orqali amalga oshirilayotgan tranzit va tashqi savdo operatsiyalariga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Natijada logistika uzilishlari, transport yoʻnalishlarida kechikishlar, bojxona rasmiylashtiruvi hamda xalqaro toʻlovlar bilan bogʻliq qiyinchiliklar kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashqi savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalarni tezkor qoʻllab-quvvatlash maqsadida favqulodda yordam mexanizmi joriy etildi.
Mazkur mexanizm doirasida tadbirkorlar @miit_tashqisavdo_bot telegram-boti hamda Respublika eksport shtabi huzurida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markaz orqali (+998 71 238 52 52) bevosita murojaat qilishlari mumkin.
Qayd etilishicha, kelib tushayotgan murojaatlar tezkor tartibda koʻrib chiqilib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻriladi.