Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Konrad Adenauer fondi bilan birgalikda qonunchilikni takomillashtirish va eksportni cheklovchi salbiy omillarni bartaraf etish orqali Oʻzbekiston eksport salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri bu ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratishdir.

Buning uchun soʻnggi yillarda davlat va hukumat rahbari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qoʻllab-quvvatlovchi milliy institutlar tashkil etish toʻgʻrisida qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Tashqi savdo va eksport koʻrsatkichlari surʼatining umumiy ijobiy dinamikasidan kelib chiqib, uning hajmlari, shuningdek tarmoqlardagi eksport hajmlarining amalda oʻsish surʼatlarini oshirishni davom ettirish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, investitsiya faoliyati va eksport subyektlarini qoʻllab-quvvatlash sohasida tadbirkorlar biznes rejalari va rivojlanish strategiyasini amalga oshirishi uchun ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida investitsiya faoliyati va eksport subyektlarini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilmoqda. Eksport nazoratini oʻtkazishda, yaʼni zarur eksport sertifikatlarini olish va eksport bojxona rasmiylashtiruvi uchun ham muhim oʻzgarishlar yuz bermoqda. Sohani rivojlantirish uchun chuqur marketing tadqiqotlari oʻtkazishga, uzoq muddatli barqaror savdo bozorlarini shakllantirishga, tashqi savdo infratuzilmasini, shu jumladan, chet ellarda yaratishga lozim darajada eʼtibor qaratish tavsiya etildi.

Tadbir davomida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni hisobga olgan holda eksport boʻyicha qonunchilik islohotlarining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi. Shuningdek, Oʻzbekistonda eksportni qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati