To'g'ri, viloyatlar markazi, poytaxtdagi kitob do'konlarining imkoniyati ancha keng, kutubxonalar ko'p. Chekka-chekka hududlarda yashaydigan aholi esa o'zining bu boradagi ehtiyojini hamisha ham qondira olmaydi. Shu ma'noda, mamlakatimizning 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasida aholi o'rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir ustuvor vazifalar belgilangani bejiz emas. Prezidentimiz har bir chiqishida yoki joylarda o'tkazilayotgan aholi vakillari bilan uchrashuvlarida ham kitob va kitobxonlik, mutolaa madaniyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, uning joylardagi bo'limlari tomonidan bu borada olib borilayotgan xayrli ishlar odamlar dunyoqarashini o'zgartirayotgani bilan ahamiyatli. Xususan, mahallalarda tashkil etilayotgan kitob yarmarkalari, kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar kitob hech bir zamonda o'z ahamiyatini yo'qotmasligini isbotlayapti. Markaz tashabbusi asosida hayotga tatbiq etilayotgan “ekspress kutubxona” loyihasi esa kitobxonlarning ham vaqti, ham naqdini tejayapti. Kutubxona vazifasini o'tovchi mashinaga ortilgan kitoblar orasidan o'ziga yoqqanini to'liq o'qib chiqishi uchun fuqaro tuman kutubxonasiga shu erning o'zida a'zo qilinadi. Uning uy manzili, telefon raqamlarini aniq yozib olish esa kitobning qaytarilishini ta'minlaydi.
Albatta, o'quvchilar tomonidan kitoblarni qaytarishda ham hech qanday muammo bo'lmaydi, deyish fikridan yiroqmiz. Loyiha tashkilotchilari ezgu ishga sababchi bo'lish barobarida ulkan mas'uliyatni ham zimmalariga olishiga to'g'ri keladi. Mazkur loyiha ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirilyapti. Uning nechog'liq samarador ekanini Namangan viloyati misolida tahlil qiladigan bo'lsak, Chust, Uychi tumanlarini bu borada etakchilar qatoriga kiritish mumkin.
Xususan, Uychi tumanida “ekspress kutubxona” loyihasi bilan bir paytda Namangan viloyat hokimligining “Mahallaga kitob ulash!” loyihasi doirasida “Qadrdon mahallamga kitob sovg'a qilaman” chellenji ham amalga oshirilmoqda. Aytish kerakki, chellenj ko'pchilikda xayrixohlik uyg'otmoqda. Tuman ma'naviyat va ma'rifat Kengashi raisi Sh.Musaev boshchiligida amalga oshirilayotgan bu tashabbus — rahbar xodim, tadbirkor, umuman, har bir xonadon sohibi o'zi o'qib bo'lgan va yangi kitoblar jamlanmasini yashab turgan mahalla kutubxonasiga taqdim etishi orqali odamlarga ma'rifat ulashishdek olijanob maqsadlarni ko'zda tutadi. Shuningdek, mazkur loyiha yordamida har bir mahallada kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, odamlarning ma'naviyati yuksalishiga hissa qo'shish va kutubxonalarni nodir adabiyot namunalari bilan boyitishga erishiladi.
“Ekspress kutubxona”da kitoblar aholi ehtiyojlarini o'rgangan holda etkaziladi, asosan, yangi nashrlarga e'tibor qaratiladi. Xususan, “Yangiyer” MFYda istiqomat qiluvchi aholi turli adabiyotlar bilan yaqindan tanishib, o'ziga kerakli kitoblarni topa olgani, mahallada turib, tuman kutubxonasiga a'zo bo'lgani uchun “ekspress kutubxona” tashabbuskorlariga minnatdorlik bildirgani so'zimiz isbotidir.
Shuningdek, tumandagi “Quvurboshi” MFY, hududdagi maktab va bolalar bog'chasiga borgan “ekspress kutubxona”dan tegishli tartibda kitob olgan aholi, mehnat jamoalari va uyushmagan yoshlar vakillari bunday imkoniyatlar uchun davlatimizga, tashkilotchilarga rahmat aytishdi. Kutubxona xodimlari tomonidan “Mutolaa — shifo vositasi”, “Kitob — qalb ko'zgusi” kabi mavzulardagi targ'ibot ishlari fuqarolarni mutolaaga kengroq jalb qilishga xizmat qilyapti.
Jumladan, “Isvaxon” mahalla fuqarolar yig'inida uyushtirilgan kitobxonlik targ'iboti tadbirlari doirasida mutasaddilar jazo muddatini o'tayotgan N.Hamidxonov va D.Qo'chqorov xonadonlarida bo'lib, ularning oila a'zolari va yaqinlari bilan suhbatlashdi. Har ikki oila vakillari Axborot-kutubxona markaziga a'zolikka qabul qilindi, “ekspress kutubxona” tomonidan qator kitoblar taqdim etildi.
Mingbuloq tumani Axborot-kutubxona markazi mahalliy “Zukko kitobxon” jamoasi Toshkentda o'tkazilgan yosh kitobxonlar respublika tanlovining yakuniy bosqichida 2-o'rinni egallagani bois, 2000 ta yangi kitob bilan boyidi. Kitoblar karvoni mingbuloqlik ma'naviyatchilar tomonidan musiqa sadolari ostida kutib olindi. Mutasaddi tashkilotlar, maktablarning ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi taqdimot marosimi shodiyona tus oldi. Bugun yurtimizning barcha hududlarida ko'tarinkilik bilan tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar kitobga yaqinlashayotganimiz, mutolaa madaniyatimiz o'sib borayotganidan dalolat.
Buni olis Surxon vohasida amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, kitobxonlik bilan bog'liq loyihalar ham ko'rsatib turibdi. Xususan, SHo'rchi tuman ma'naviyat va ma'rifat hamda mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlari hamkorligida “Bolaga kitob bering” shiori ostida “Do'stlik” mahallasidagi oilalar farzandlariga badiiy kitob va ma'rifiy risolalar topshirildi. Ota-onalaru o'quvchi-yoshlarni birdek xursand etayotgan bu kabi xayrli ishlar “ekspress kutubxona” tashabbusi viloyatda keng quloch yozayotganini tasdiqlaydi.
Qo'shni Qashqadaryo viloyat ahli ham endilikda “Ekspress kutubxona” xizmatidan foydalana boshladi. “Ma'naviy himoya” loyihasi doirasida dastlab Shahrisabz tumanining “Oqdaryo” MFYda bo'lgan “ekspress kutubxona” tumandagi jami 57 ta MFYga navbati bilan kirib boradi.
— Bu zamonaviy, tezkor kutubxona men kabi ko'plab tengdoshlarimni orzulariga etkazishi mumkin, — deydi shahrisabzlik 13 yoshli Durdona Madieva. — Chunki hozir juda ko'p yoshlar “Yosh kitobxon” tanloviga qiziqib qolgan. Kitoblar ro'yxati ko'p. Ota-onalar hammasini ham sotib olib berolmaydi. “ekspress kutubxona” tufayli endi xohlagan kitobimizni olib o'qishimiz mumkin.
Tuman ma'naviyat va ma'rifat bo'limi rahbari SHahlo Tog'aevaning aytishicha, tezkor kutubxona, ayniqsa, uy bekalari, uyushmagan yoshlar, maktab o'quvchilarida katta qiziqish uyg'otyapti.
— Oddiy odamlar orasida ham kitob o'qishga havasmandlar juda ko'p ekan, faqat turli omillar sabab kitobdan yiroq bo'lib qolgan. Imkoniyat tufayli shunday odamlarning quvonchiga sherik bo'layotganimdan sevindim. O'z navbatida, tuman Axborot-resurs markazi xodimlari ham a'zolari soni ortayotganidan xursand, — deydi Sh.Tog'aeva.
Albatta, ezgu amallarga xayrixohlik qilish, odamlarning ko'nglini ko'tarishga sababchi bo'lishning zavqi boshqacha. endilikda joylardagi ma'naviyat fidoyilari,
700 dan ziyod ma'rifat targ'ibotchilari ana shu zavq bilan yashaydi, ishlaydi. Xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar, ustuvor vazifalar, targ'ibot ishlarining ahamiyati haqida gap ketar ekan, Qamashi tumanidagi N-sonli manzil koloniyada Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'limi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Farzandimga kitob sovg'a qilaman” aktsiyasi haqida alohida to'xtalish joiz.
Manzil koloniya xodimlari, muassasada jazo muddatini o'tayotgan mahbuslar, ularning oila a'zolari mazkur tadbir paytida g'oyat ta'sirli bir holatga guvoh bo'ldi. Jazo muddatini o'tayotgan ota o'zini ko'rgani kelgan o'g'li tanlagan kitobni unga olib berar ekan, ko'z yoshlarini tiyib tura olmadi: “O'g'lim, sen faqat o'qi. Sizlar yetuk insonlar bo'lishlaring kerak, men qilgan xatoni aslo takrorlamanglar!”.
Ota ko'zda yosh bilan kitobni o'g'liga tutqazar chog'ida mehr va armon bilan aytgan ushbu xitobi boshqa izohlarga hojat qoldirmadi.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri