Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida ekstremal turizm boʻyicha yoshlar festivali tashkil etildi.
Mamlakatimizda ekstremal turizmni rivojlantirish orqali sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida uyushtirilgan ushbu festival doirasida ekstremal sportning togʻ changʻisi va snovbord yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtdi.
Mazkur festivalda qishki sportning changʻida uchish va snovbord turlari boʻyicha 100 nafarga yaqin 7-30 yoshgacha boʻlgan mamlakatimiz yoshlari (oʻgʻil bolalar va qiz bolalar oʻrtasida) oʻzaro bellashdilar.
Shuningdek, festival yakunida changʻida uchish va snovbord sport turlari boʻyicha yosh toifasiga qarab aniqlangan gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantiruvchi sovgʻalar, medal va diplomlar bilan taqdirlandilar.