Ekstremizm bilan bogʻliq ayblovlar boʻyicha Oʻzbekiston soʻrovi asosidagi xalqaro qidiruvdagi shaxs AQSHda qoʻlga olindi

    AQSHda vaqtincha yashab kelayotgan Oʻzbekiston fuqarosi AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (“ICE”) xodimlari tomonidan qoʻlga olindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

    Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 242 bandlari va 244 moddasi 3 qismida qoʻrsatilgan jioyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan hamda xalqaro qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi B.A. AQSHning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qoʻlga olingan.

    Mazkur moddalar taqiqlangan diniy ekstremistik, separatistik va fundamentalistik tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish yoki ularda ishtirok etish, shuningdek, diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

    B.A.ni qoʻlga olish boʻyicha tezkor-qidiruv harakatlari 2024-yil may oyida boshlangan va Oʻzbekistonning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkolikda amalga oshirilgan. Olib borilgan ishlar natijasida fuqaro B.A. joriy yilning noyabr oyi boshida AQSHda qoʻlga olingan.