Jamg'arma O'zbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar, jumladan, kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sun'iy intelekt sohalarida atom va quyosh energetikasi hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa yo'nalishlarida, sog'liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa agrar sohaning muhim tarmoqlarida 350 o'ringa mo'ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini e'lon qilgani haqida eyuf.uz syti orqali xabar qildi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtidorli va istiqbolli yoshlar uchun benihoya ulkan imkoniyat, ya'ni 2021-yildan boshlab “El-yurt umidi” jamg'armasi orqali ilk bor bakalavr dasturiga stipendiyalar ajratilishi, shuningdek, magistratura va doktorantura dasturlari orqali eng nufuzli xorijiy davlatlarda tahsil olish uchun stipendiyalar miqdorini 5 barobarga oshirish taklifi ilgari surilgan edi. Shu maqsadda Jamg'arma mamlakatimizning innovatsion salohiyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan kreativ fikrlaydigan yoshlar, iste'dodli professor-o'qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagog va mutaxassislar uchun stipendiya tanlovini e'lon qildi.
Unda Jamg'arma 2021-2022 o'quv yili uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:
- bakalavriat ta'lim dasturi uchun 100 nafar;
- magistratura ta'lim dasturi uchun 150 nafar;
- doktorantura ta'lim dasturi uchun 100 nafarstipendiyalar ajratishini ma'lum qiladi.
Nomzodlarning hujjatlari 2021-yil 1-apreldan 1-mayga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi. Saralash bosqichlari 2021-yil 1-maydan 20-mayga qadar davom etadi.
Saralash tanloviga oid barcha ma'lumotlar “El-yurt umidi” jamg'armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil e'lon qilib boriladi.