Mamlakatimizda so'nggi besh yilda amalga oshirilayotgan islohotlar o'zining ko'lami, shiddati va keng qamrovi bilan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik siyosatchi va mutaxassislarning ham e'tiborini tortmoqda. Bugun Prezident SHavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizdagi yangilanish va islohotlar haqida so'z ketganda jahon hamjamiyati “Yangi O'zbekiston” degan iborani tilga olmoqda. Bunday e'tirof hech mubolag'asiz yurtimizdagi shiddatli o'zgarishlarga berilgan munosib bahodir.

Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqiga qilgan Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta yo'nalishiga ustuvor ahamiyat qaratilib, ularni jadal rivojlantirilishini ta'kidlagan edi. Jumladan, “el-yurt umidi” jamg'armasi tomonidan ilk marotaba bakalavriatga 100 o'rin, magistratura va doktoranturaga esa oldingi yillarga nisbatan 5 barobar ko'p o'rin ajratish tashabbusi e'lon qilindi.

  2018-2020 yillar mobaynida jami 1002 nafar iqtidorli va istiqbolli yoshlarimiz “el-yurt umidi” jamg'armasi stipendiati degan yuksak maqomga ega bo'lishdi. Stipendiantlarning barchasi Jamg'arma tomonidan xorijdagi rivojlangan davlatlarning ta'lim muassasalari va ilg'or kompaniyalarida ta'lim olishi va stajirovka o'tashi tashkil etildi.

 Stipendiatlar dunyoning jami 40 ga yaqin davlatlarida, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi ilg'or mamlakatlarning 240 dan ziyod universitetlari, ilmiy markazlari va nufuzli kompaniyalarida ta'lim olishib, bugungi kunda 955 nafari mamlakatimizga qaytib kelib turli sohalarda, xususan ta'lim, ilmiy tadqiqotlar, sog'liqni saqlash, davlat va xo'jalik boshqaruvi hamda iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarda samarali faoliyat olib bormoqdalar.