Davlat va jamiyat hayotida ro‘y berayotgan tub o‘zgarish va islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, avvalo, bozor iqtisodiyoti sharoitida mustahkam bilimga ega, O‘zbekistonning bugungi tashqi va ichki siyosati yo‘nalishlarini har tomonlama tushunadigan va tahlil eta oladigan yosh hamda tashabbuskor kadrlarni yetishtirishni taqozo etmoqda.

2018-yilning 25-sentyabrida Prezidentimiz tashabbusi va sa’y-harakati bilan boshlangan ezgu ishlarning mantiqiy davomi sifatida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi.

Har yili Jamg‘arma tomonidan e’lon qilinadigan ochiq stipendiya tanlovlarida vazirlik va idoralar mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, asosan, yoshlar faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, 2018-yil davomida 378-nafar, 2019-yil davomida 600 nafar, 2020-yil davomida pandemiya davri bo‘lishiga qaramay 15 nafar, 2021-yil davomida 313 nafar, 2022-yil davomida 320 nafar yosh Jamg‘arma stipendiati deya e’tirof etildi. O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra 2026-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 700 nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Jami 1626 nafar iqtidorli va istiqbolli yoshlar hamda soha mutaxassislarini “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati sifatida xorijdagi rivojlangan davlatlarning ta’lim muassasalari va ilg‘or kompaniyalarida ta’lim olishi va stajirovka o‘tashi tashkil etildi.

Stipendiatlar dunyoning jami 42 ga yaqin davlatida, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi ilg‘or mamlakatlarning 270 dan ziyod universitetlari, ilmiy markazlari va nufuzli kompaniyalarida ta’lim olib, bugungi kunda 1070 nafari mamlakatimizga qaytib kelgan. Ular ta’lim, ilmiy-tadqiqot, sog‘liqni saqlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida samarali faoliyat olib bormoqda.

Ayni vaqtda 474 nafardan ortiq stipendiatlar AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda bakalavriat, magistratura, ordinatura hamda doktorantura dasturlarida o‘qishlarini davom ettirmoqda.

Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari dunyoning eng ilg‘or universitetlari va ilmiy markazlarida, jumladan University of Oxford, University of Cambridge, University College London, Imperial College London, The University of Chicago, Columbia University, Cornell University va boshqa nufuzli universitetlar va ilmiy markazlarda ta’lim olmoqda.

Jamg‘armaning 2022-yildagi 3 ochiq stipendiya tanlovi 2022-yil 20-sentyabrda e’lon qilingan bo‘lib, unda ishtirok etish uchun 976 nafar nomzoddan ariza kelib tushdi. Nizom talablariga to‘la mos keladigan jami 171 nafar nomzod tanlovning 2 bosqichi, test jarayoniga tavsiya etildi. 

Tanlov komissiyasining qaroriga asosan tanlovning 2 bosqich test jarayonlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida o‘tkazildi. Tanlovning 2 bosqichi test jarayonida ishtirok etgan nomzodlarning intellektual salohiyati va bilim darajasi, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra jami 171 nafar nomzodlardan 135 nafari suhbat bosqichiga tavsiya etildi.

Suhbat jarayonlari tanlov komissiyasiga ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan, xususan, xorijda ta’lim olgan mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilgan holda o‘tkazildi.

Tanlovning 2 bosqich suhbat jarayonida nomzodlarning xorijda ta’lim olishdan ko‘zlangan maqsadi va ta’lim olish tugagach, olingan bilimlarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, ma’naviy-axloqiy tafakkuri, sog‘lom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni bilish darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat o‘tkazildi.

Jamg‘arma Vasiylik kengashining qaroriga ko‘ra, tanlov o‘tkazish yo‘nalishlari va ta’lim dasturlari bo‘yicha ajratilgan o‘rinlarga muvofiq, barcha saralash bosqichlari talablariga javob bergan, Jamg‘armaning 2022-yilgi 3-stipendiya tanlovi natijalariga ko‘ra 58 nafar nomzodlar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Jamg‘arma stipendiati” deb e’tirof etildi.

Davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilgan keng imkoniyatlarni yanada targ‘ib etish hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2022-yilgi 3-ochiq stipendiya tanlov bosqichlaridan muvaffaqqiyatli o‘tgan 58 nafar g‘olibini taqdirlash maqsadida ularga sertifikat topshirish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirning boshlanishida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi. So‘ngra “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati oid videorolik namoyish etildi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori A.Sh. Bekmurodov so‘zga chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada jadallashtirishda ilg‘or xorijiy davlatlarda ta’lim olgan kadrlarning ahamiyati va bu jarayonda jamg‘armaning o‘rni haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng, "El-yurt umidi"ning 226 o‘ringa mo‘ljallangan 3-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblariga sertifikat topshirildi.