Doʻstona va konstruktiv muhitda oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yevropa tomoni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Oʻzbekiston yanada yaqin xalqaro hamkorlikka ochiqligini, investitsiyalar va iqtisodiy oʻsish uchun sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.

Ishtirokchilarning fikriga koʻra, Oʻzbekiston “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar mamlakati maqomini olgani respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganining eʼtirofidir.

Muloqotda Yevropa Ittifoqining 2021-2027-yillarda 3 ta muhim yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladigan islohotlari haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalar, taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish, gender tenglik va oʻzaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.