Italiyalik taniqli insayder va jurnalist Janluka Di Marsio “Match” TV sharhlovchisi Nobel Arustamyan bilan suhbatda “Jenoa” klubi va Oʻzbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov haqidagi fikrlarini aytdi:
— Shomurodovning hozirgi narxi 15 million yevro. Agarda “Jenoa” oʻyinchini hozir sotsa, shuncha mablagʻli boʻladi. Mening bilishimcha, qaysidir jamoalar Shomurodovning transfer narxiga qiziqib, klub rahbarlari bilan aloqaga chiqqan va ular hujumchini 15 million yevro narxlagan. Eldorning narxi yarim yilda ikki barobarga oshdi.
Di Marsioning aytishicha, Genuya shahri klubi Piontekning transferidan ham katta foyda koʻrgan. Uni 4,5 million yevroga xarid qilib, yarim yildan soʻng “Milan”ga 35 million yevroga sotgan.
Muxbirning “Yuventus” unga qiziqqanmi? degan savoliga Di Marsio shunday javob berdi:
– Ha, “Yuve” qiziqqan. Shomurodov iqtidorli futbolchilarni tarbiyalashni yaxshi koʻradigan “Borussiya” Dortmund, “Sevilya” kabi jamoalar uchun yozgi transfer oynasida eng qiziq nomzodlardan biriga aylanishi mumkin...