“Jenoa”ning yangi murabbiyi Davide Ballardini Eldor Shomurodovni jamoadagi boshqa hujumchilardan kam emasligini tan olgan holda uni boshlangʻich tarkibda maydonga tushirdi.

Garchi uchrashuvda genuyaliklar mezbonlarga munosib qarshilik koʻrsatishgan boʻlsa-da, “Sassuolo” jamoasi 2:1 hisobida gʻalaba qozondi.

Uchrashuvning 52-daqiqasida “Sassuolo” aʼzosi Jeremi Boga hisobni ochgan boʻlsa, oradan 12 daqiqa oʻtib, Eldor Shomurodov Paolo Gilyone uzatgan toʻpni oʻziniki qildi. Havodagi kurashda raqib himoyachisini yengib, boshi bilan toʻpni darvoza toʻriga joyladi.

Bu oʻzbek hujumchisining A Seriyadagi ikkinchi goli boʻldi. Oʻyin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida Jakomo Raspadori “Sassuolo”ga qimmatli uch ochkoni keltirgan golni urdi – 2:1.

Garchi “Jenoa” durang natijani ushlab qololmagan boʻlsa-da, Eldor Shomurodovga “Whoscored” tomonidan eng yuqori – 7,8 ball berildi. Ikkinchi koʻrsatkich sohibi – “Sassuolo” futbolchisi Manuel Lokatelli 7,5 ball bilan baholandi.

Eslatib oʻtamiz, “Jenoa” klubi navbatdagi uchrashuvni 9-yanvar kuni oʻz maydonida “Bolonya”ga qarshi oʻtkazadi.