Unga koʻra, soʻnggi ikki yil davomida Oʻzbekistonning eng qimmat futbolchisi boʻlib turgan Eldor Shomurodovning transfer qiymati keskin oshgan. Oʻtgan mavsum “Jenoa” safidagi muvaffaqiyatli oʻyinlaridan keyin oʻzbekistonlik forvardning transfer bahosi 5 million yevrodan 7 million yevroga koʻtarilgandi. “Roma” safidagi muvaffaqiyatli startdan keyin esa Shomurodovning transfer bahosi portal tomonidan ikki baravarga – 7 million yevrodan 14 million yevroga koʻtarilgan, deya xabar beradi «Tribuna».

U bu borada “Roma”ning eng qimmat futbolchilari orasida 12-oʻrindan joy olib, Kris Smolling (12 mln yevro), Rui Patrisiu (10 mln yevro), Stefan El-Shaaravi (7 mln yevro) singari oʻyinchilarni ortda qoldirgan. Rimliklar safidagi eng qimmat oʻyinchilar uchligidan esa Lorenso Pellegrini (45 mln yevro), Nikola Dzanyola (45 mln yevro) va Temmi Abraham (38 mln yevro) joy olgan.

Eslatib oʻtamiz, Shomurodov yozgi transfer oynasida “Jenoa”dan 17 million yevro transfer puli evaziga “Roma” safiga qoʻshilgan edi. Eldor A Seriyada 6 oʻyinda maydonga tushib, 2ta assistga mualliflik qildi.