“Eldoshlarim, Dildoshlarim” aytgan yoniq misralar, hikmatli so'zlar

    O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida Xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidning “eldoshlarim, dildoshlarim” deb nomlangan kitobi “Adabiyot” nashriyotida chop etildi.

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida YAngi O'zbekistonimizning taraqqiyoti haqida gapirib, “Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, – degan so'zlarni alohida ta'kidlagan edi.

    Bu jarayonda yozuvchi va shoirlarimiz zimmasidagi vazifalar nimadan iborat, adiblar bunyodkor xalqimizga kamarbasta bo'lish, o'sib kelayotgan yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish uchun qanday faoliyat olib borishi zarur?

    O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning yangi kitobida shu kabi muhim va dolzarb savollar o'rtaga tashlangan. O'quvchilarga “SHoir va zamon” turkumida taqdim etilayotgan mazkur kitob ikki bo'limdan iborat. “Ogohlik talqini” sarlavhasi ostida yangi she'rlar, “Vatanni sevish kerak” deb nomlangan bo'limda esa maqolalar, suhbatlar, munosabatlar jamlangan.

    Kitob mutolaasi davomida o'quvchilar zamonamiz zamonamiz qahramonlarining ibratli faoliyati, ichki kechinmalari, orzu-niyatlari bilan tanishadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli tub islohotlar badiiy talqin etilgani, voqealar, holatlar jonli va hayotiy misollar, haroratli so'zlar vositasida tasvirlangani tufayli asarlar kitobxonlar yuragida xalqqa va Vatanga muhabbat tuyg'ularini uyg'otadi.

    Mutolaa o'z-o'zimizni taftish qilishga undaydigan sehrli kuchdir. Umid qilamizki, “eldoshlarim, dildoshlarim” aytgan yoniq misralar, hikmatli so'zlar o'quvchini el-yurt ravnaqi yo'lidagi yuksak maqsadlar va ezgu tilaklar sari chorlaydi.

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri