Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tadqiqotchilari tomonidan elektr energetikasi sohasini isloh qilishning Armaniston tajribasi oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, 1990-1999-yillarda Armanistonda energetika tizimi moliyaviy tarafdan zaif, lekin hukmron mavqega ega monopolist kompaniya qoʻlida edi. 1995-yilga kelib elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ajratilgan subsidiyalar YAIMning 11 foizidan ortib ketdi. Bu esa energetika tizimi islohotlarga muhtojligidan darak berardi.
Islohotlar jarayonida esa elektr energiyasini ishlab chiqarishda gidroenergetikaning roli kuchaytirildi. Narxlar erkinlashtirildi va bu chora byudjet taqchilligini 21 foizdan (1994) 3 foizgacha (2000) qisqartirishda yordam berdi. Elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun byudjet mablagʻlari yetarli boʻlmagani sababli elektr kompaniyalari bankdan olingan qarz hisobiga moliyalashtirildi. Hisoblagichlarning buzilishi va notoʻgʻri maʼlumot berilishining oldini olish uchun ular turar joy binolaridan kommunal yoʻlaklarga oʻtkazildi. Energiya nazoratchilari tomonidan naqd pul yigʻilishi bekor qilindi va bu chora korrupsiya xavfini kamaytirdi. Jamoatchilik orasida elektr haqini oʻz vaqtida toʻlash boʻyicha targʻibot ishlari olib borildi va elektr energiyasi taʼminotidagi tez-tez uzilishlar qisqardi. Energetika tizimiga xususiy sektor jalb qilindi. Bu esa elektr energiyasi yalpi taklifida xususiy sektorning ulushini 30 foizdan (1996) 90 foizga (2010) oshirdi. Kam taʼminlangan isteʼmolchilar, energetika tizimi xodimlari va harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli tariflar joriy qilindi. “Ikki tarifli” stavka yoʻlga qoʻyildi. Bu esa uy xoʻjaliklariga imtiyozli tungi tarifdan foydalanish imkonini berdi. Qolaversa, generatorlar va transformatorlarga tushadigan zoʻriqishni kamaytirdi.
Elektr energetikasi sohasidagi islohotlar fiskal yukni barqarorlashtirish hamda byudjet xarajatlarining samarasiz sarflanishiga chek qoʻydi. Buning natijasida byudjet taqchilligi keskin qisqardi. Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash natijasida inflyatsiya 1994-yildagi 5 000 foizdan 1998-yilga kelib, bir xonali raqamgacha pasaydi. 1995–1999-yillarda Armanistondagi iqtisodiy oʻsish oʻrtacha 5,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2012-yilga kelib, 7.2 foizga yetdi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash oʻrinliki, narxlarning oshirilishi va elektr energetikasi tizimidagi islohotlar natijasida energetika tizimida jiddiy tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Natijada elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish darajasi bir necha barobar oʻsdi. Kam taʼminlangan aholi uchun yengillashtiruvchi energiya tariflarini qoʻllash islohotlarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirdi. Ijtimoiy himoya tizimining maqsadli yoʻnalishini yaxshilash uchun sinovdan oʻtgan naqd pul oʻtkazmalari dasturi joriy etildi. Toʻlov qobiliyati 1996-yildagi 40 foizdan 2003-yilga kelib 92 foizga koʻtarildi. Olib borilgan islohotlar aholi va sanoat korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga olib keldi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati