Elektr energiya taʼminotidagi uzilishlar sabibi maʼlum qilindi

    Energetika 20 Noyabr 2020 1206

    Elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlarning asosiy sababi – havo haroratining sovib ketishi natijasida elektr energiyasi isteʼmolining keskin ortib ketishi tufayli yuzaga keladi. Shu bilan birga, qisqa muddatli uzilishlar tizimdagi katta avariyalarning oldini olishga imkon beradi.

    Buning sababi shundaki, har qanday energiya tizimida uning barqaror ishlashi uchun har qanday vaqtda (millionsekund) isteʼmol va ishlab chiqarish oʻrtasidagi energiya muvozanati (balansi) taʼminlanishi muhim.

    Ushbu jarayon isteʼmolchilarga elektr energiyasini ishonchli va uzluksiz yetkazib berish va energiya tizimining muammosiz ishlashini taʼminlash nuqtayi nazaridan juda muhimdir. Elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojning keskin ortishi (yozda jazirama issiq mavsumidagi yoki qahraton qish mavsumidagi sovuq ob-havoda) kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham isteʼmol va ishlab chiqarish oʻrtasidagi energiya balansini taʼminlash juda qiyin vazifa boʻlib qolmoqda. Bunda katta avariyalarni va butun mamlakatda isteʼmolchilar elektr energiyasi taʼminotidan uzilishini oldini olish uchun elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar joriy etilishiga majburan olib keladi. Dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni oʻz vaqtida taʼminlamasa, tizimdagi “zoʻriqish” turli yirik avariyalarga sabab boʻlib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya boʻlmasligiga olib keladi.

    Energiya balansini taʼminlash mumkin boʻlmagan holatlarda, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining dispetcherlik boshqarmasi isteʼmolchilarning bir qismini reja jadvaliga muvofiq cheklovlar oʻrnatishga majbur boʻladi. Ushbu grafiklar, qoida tariqasida, past kuchlanishli (0,4 kV, 6 - 10 kV) taqsimlash elektr tarmoqlarini oʻz ichiga oladi.

    Bu harakatlar mamlakat energetika tizimida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yirik avariyalarning oldini olishga qaratilgan. Bu esa elektr energiyasini kechayu-kunduz muntazam ravishda monitoring qilib borish va dispetcher nazoratining oʻz vaqtida javob berish imkonini beradi.

    Elektr energiya tizimi – elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari orqali transportirovka qilish, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari va isteʼmolchilarni oʻz ichiga olgan murakkab tuzilma hisoblanadi.

    Elektr energetikasining boshqa ishlab chiqarish soha va yoʻnalishlardan farqi hamda oʻziga xos xususiyati shundaki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va isteʼmol qilish — bir paytning oʻzida amalga oshirilishi lozim boʻlgan yagona texnologik jarayon boʻlib, har lahzada ular oʻrtasida tenglik (muvozanat) oʻrnatish nihoyatda muhim vazifa. Sohaning ushbu jihati butun dunyo elektr energiya tizimlariga xos xususiyatdir.

    Bunday hollarda jiddiy tizimli avariyalarning oldini olish uchun energiya tizimini rivojlantirish, uning energiya samaradorligini oshirish va tizimni energiya resurslari bilan taʼminlash sharoitlarini yaxshilash zarur. Ushbu vazifalarning Oʻzbekistonda amalga oshirilishi mamlakat Prezidentining tegishli qarorlari bilan belgilanadi va Energetika vazirligining diqqat markazida boʻladi.

    Energetika vazirligi Matbuot xizmati