Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi 2019-yil fevral oyida tashkil topgan vaqtining ilk kunlaridanoq butun dunyoda qabul qilingan bozor munosabatlari asosida mamlakatimiz yoqilgʻi-energetika majmuasini rivojlantirish masalasiga eʼtibor qaratib kelmoqda.
Pandemiya elektr energetikasi, jumladan narxni shakllantirish sohasida yangi savollar yuzaga kelishiga zamin yaratdi. Bir tomondan hech kim bozor qoidalari bilan bogʻliq jarayonlardan voz kechgani yoʻq, boshqa tomondan esa mamlakatimiz ichki siyosatining ijtimoiy tarkibini hisobga olgan holda karantin davrida elektr energiyasi uchun qarzdorlik yuzaga keldi. Shu tariqa qarzdorlik sabab yuzaga kelgan mablagʻ yetishmasligi, tariflarni muzlatish, yaʼni narxlarni oshirmaslik elektr energiyasi tarmogʻini joriy holatda ushlab turishdek vazifani ado etish yoʻlidagi muhim muammolardandir. Elektr energiyasi tarmoqlari, IES, GESlar asbob-uskunlarning joriy va kapital taʼmiri, modernizatsiyasi va boshqa zarur qadamlar mamlakatimizni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlashning kafolati boʻlib, ularni amalga oshirish uchun mablagʻlar zarur.
Xoʻsh, elektr energiya sohasiga davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra kelgusi bir yil ichida narxlarni oshirmaslik va keyingi yillarda narxlarni shakllantirishda ijtimoiy yoʻnalishni ushlab turish nimalarning hisobiga amalga oshiriladi?
Buning uchun zarur boʻlgan strategik yoʻnalishlardan biri – bu birinchi navbatda nafaqat ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, balki ularni eng maqbul rejimda ishlatish hisobiga tannarxni kamaytirishga katta eʼtibor qaratish lozim. Elektr energetikasi sohasida xarajatlarni qisqartirish uchun rezervlar mavjud. Shubhasiz, ularni aniqlash va safarbar qilish uchun katta saʼy-harakatlar va oʻzgarishlar talab etiladi, yaʼni bunga eng yaxshi xorij tajribasini oʻrganish, oʻz samaradorligini isbotlagan metodikalarni faol moslashtirish, tarmoq mutaxassislari malakasini muttasil oshirish, tarmoqni boshqarishda yangi yondashuvlarni rivojlantirishda davom etish orqali erishish mumkin.
Bugungi kunda amaldagi tariflar bilan ichki rezervlar hisobiga xarajatlarni qisqartirish evaziga tarmoqqa yetarli moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoni mavjud. Elektr energetikasi korxonalarining transformatsiyasi birinchi navbatda ularning daromadi ortishi xarajatlarning kamaytirilishi, buning uchun muntazam ravishda resurslarni izlash bilan bevosita bogʻliqligini anglatadi.Elektr energetikasi sohasida faqat narxlarni oshirish hisobidan daromadni oshirish strategiyasi oʻtmishda qolmoqda. Koʻp jihatdan bu mamlakatimiz iqtisodiyotiga bozor munosabatlarini joriy etish natijasidir. Axir bugungi kunda agar elektr energetika sohasida xarajatlar kamaytirilmasa, investitsiyalar hajmi oshirilmasa, bundan iqtisodiyotning boshqa sektorlari ham talafot koʻradi. Bunga esa mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, chunki bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligi masalasidir.
Pandemiya oʻz-oʻzidan xorijiy bozorlarga chiqish masalasini koʻndalang qoʻydi. Bundan tashqari, umuman olganda Oʻzbekiston mahsulotini eksport qilish bilan bogʻliq eng murakkab masalalardan biridir, chunki bunga mamlakatimizning jugʻrofiy joylashuvi imkon bermaydi. Agar biz logistika bilan bogʻliq yoʻqotishlarni boshqa manbalar, jumladan nisbatan arzon boʻlgan energiya resurslari hisobidan qoplamasak, mahalliy, ayniqsa sanoat mahsulotlari dunyo bozorida raqobat qila olmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida boʻlib oʻtgan yigʻilishda qayd etilganidek, elektr energiyasi korxonalarini transformatsiya qilish istiqbolda raqobatbardosh elektr energiyasi yaratish yoʻlidagi muhim bosqich hisoblangan zarur yoʻldir. Elektr energiyasiga ortib borayotgan ehtiyojni barqaror taʼminlashning boshqa yoʻli yoʻq.
Shu bilan birga davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, transformatsiyani amalga oshirishda elektr energetikasi sohasini maksimal darajada liberallashtirish, yaʼni bir tomondan davlatning bozor tamoyillari boʻyicha ishlashga aralashuvini qisqartirish, ikkinchi tomondan esa kuchli ijtimoiy himoyani qoʻllab-quvvatlash singari muhim tarkibiy jihatlarga eʼtibor qaratish lozim.
Dunyoning ilgʻor tajribasi isbotlaganidek, elektr energetikasi sohasidagi xarajatlarni qisqartirish uchun muntazam rezervlar izlash, samarali boshqaruvni amalga oshirish va soha mutaxassislarining yuksak malakasi mazkur tamoyillarga rioya qilish imkonini beradi. Energetika vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida mamlakatimizning yoqilgʻi-energetika kompleksi ushbu vazifalarni amalga oshirish bilan mashgʻul.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati