Isteʼmolchilar tomonidan elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, elektr energiyasini talon-taroj qilish holatlarini aniqlash va ularga nisbatan tegishli choralar koʻrish yuzasidan “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan joylarda nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Xususan, Andijon shahar, “Eski Oʻsh” koʻchasida faoliyat yuritib kelayotgan “F.X.S” MCHJga qarashli sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasining ikkinchi elektr uzatish liniyasidagi elektr oʻlchov priborlari dasturga kiritilmasdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlanib, hisobga olinmagan elektr energiyasi boʻyicha 684,17 mln. soʻm qayta-hisob amalga oshirildi.

Ushbu hajmdagi elektr energiyasi hozirgi kunda 6 mingta xonadonning bir oylik isteʼmoliga teng miqdorni tashkil qiladi.

Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan isteʼmolchining elektr qurilmalari tarmoqdan ajratildi. Aniqlangan holat boʻyicha tegishli choralar qoʻllash uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Elektr energiyasidan noqoqnuniy foydalanish holatlari boʻyicha oʻrganishlar davom etmoqda.