Xususan, joriy yilning 22-fevral kunida “Oʻzenergoinspeksiya” Sirdaryo hududiy boʻlimiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaat boʻlim mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqilib ijobiy xal etildi.
Murojaatda koʻrsatilishicha Sirdaryo viloyat Boyovut tumani S.Ayniy MFY, Gʻoliblar koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro Raʼno Tursunxonovaning yosh tadbirkor sifatida faoliyat yuritish maqsadida hududdagi yoshlarga ish yaratish uchun oʻz xonadonidan dukkakli don mahsulotlarini maydalovchi tegirmon qurib, ushbu tegirmonni elektr tarmogʻiga ulanishida bir qator muammolarga duch kelganligi maʼlum qilingan.
Mazkur holat “Oʻzenergoinspeksiya” Sirdaryo hududiy boʻlimi va Boyovut tuman elektr taʼminoti korxonasi xodimlari hamda yosh tadbirkor “Qoʻshtepa servis” oilaviy korxona rahbarinin ishonchli vakili Soliyev Rashidxonlar ishtirokida oʻrganildi.
Dastlab ushbu “Qoʻshtepa servis” OK tomonidan Boyovut tuman elektr taʼminoti korxonasiga yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali murojaat qilinganda soʻralgan quvvati 19,5 kVt boʻlgan. Ushbu soʻralgan quvvatni xududdagi mavjud TP№651/100 kVA transfarmator punktiga ulaganda koʻtara olish qobiliyati oʻrganilmasdan korxona bosh muhandisi tomonidan texnik shart berilgan. Berilgan texnik shartga koʻra isteʼmolchiga oʻz hisobidan transfarmator punkti oʻrnatilishi toʻgʻrisida ortiqcha talablar qoʻyilgan. Vaholanki, ushbu transformator punktining yuklama tavsiflari, mutaxassislar tomonidan oʻlchov vositalari orqali tahlil qilib koʻrilganda isteʼmolchi soʻralgan quvvatni ham koʻtara olish qobiliyatiga egaligi maʼlum boʻldi.
“Oʻzenergoinspeksiya” Sirdaryo hududiy boʻlimi tomonidan “Sirdaryo XETK” AJga aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hamda kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi toʻgʻrisida tegishli koʻrsatmalar berildi. Murojaatchiga Boyovut TETK tomonidan qayta texnik shart berilib muammolar ijobiy hal qilindi.
“Oʻzenergoinspeksiya” Sirdaryo hududiy boʻlimi tomonidan doimiy ravishda sohaga oid muammoli masalalar, isteʼmolchilar tomonidan murojaatlar hamda elektr energiyasida barcha turdagi baxtsiz hodisalarni oldini olish, elektr qurilmalaridagi qoniqarsiz texnik holatlar bartaraf etilishi boʻyicha nazorat olib borilmoqda.
“Oʻzenergoinspeksiya”
Sirdaryo hududiy boʻlimi