Elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olgan shaxslar fosh boʻldi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olgan shaxslar aniqlandi.

    Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Muborak va Koson tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi “O.”, “Yo.K.” hamda “O.B.” fermer xoʻjaliklari masʼul shaxslari tijorat maqsadida elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, jami 413,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.S.” xususi korxonasi rahbari B.M. elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 148,1 mln. soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Departamentning Termiz shahri boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda YATT J.M. tijorat maqsadida umumiy foydalanish elektr tarmogʻiga ulanib, 110,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.