– Biz bu yil uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan elektr va gaz tarmoqlaridagi muammolar yechimi boʻyicha juda katta mablagʻ ajratdik. Bu sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, – dedi Prezidentimiz.
Jumladan, elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida, 5 ming 377 ta (60 foiz) mahallada 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 mingdan ortiq transformatorlar yangilanadi. Bu ishlarga qariyb 2,1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
Prezident energetika vaziri Alisher Sultanovdan “Bu yil qishda elektr taʼminoti boʻyicha qanday oʻzgarish boʻladi?” deb soʻradi.
A.Sultanovning aytishicha, qishda aholining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini toʻliq taʼminlash boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda. Xususan, sentyabr oyigacha qoʻshni davlatlar bilan uzilgan liniyalar tiklanadi. Bu elektr energiyasiga talab kuchaygan, yaʼni sovuq kunlarda taʼminotda uzilishlar boʻlishining oldini oladi.
Bu yil kuz-qish mavsumida aholini elektr energiyasi va gaz bilan taʼminlashda muammolar boʻlmasligi kerakligi yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.